Ayollar futboli: Oliy liga
Chempionlikka da’vogarlar ochko yo‘qotdi
Ayollar futboli bo‘yicha O‘zbekiston chempionati oliy liga jamoalari o‘rtasidagi 9-turning markaziy uchrashuvida Toshketning “Bunyodkor-W” xotin-qizlari Qarshining “Sevinch-W” klubini qabul qilib, o‘yin kutilganidek keskin, murosasiz bahslarga boy kurashlar ostida o‘tdi.

Uchrashuvning 20-daqiqasida maydon egalaridan Kamola Risqiyeva qashqadaryolik qizlar darvozasiga to‘p kiritib, hisobni ochdi – 1:0. Joriy mavsumdagi birinchilikda chempionlikka asosiy da’vogarlardan biri sanalayotgan Qarshining “Sevinch-W” klubi futbolchi qizlari bahsning 54-daqiqasida Nilufar Qudratova o‘rtadagi muvozanatni tikladi. O‘yinning qolgan daqiqalarida har ikki jamoada to‘p kiritish imkoniyati yaratilgan bo‘lsada, darvozalarga bosh to‘p kiritilmadi. “Bunyodkor-W” – “Sevinch-W” yakuniy hisob – 1:1.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni, mamlakat kubogi sohibi va chempionat karvonboshisi Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” klubi ushbu 9-turni Toshkent shahrida mahalliy “Paxtakor-W” jamoasi ayollariga qarshi o‘tkazdi. Aytish joizki, o‘yinning birinchi bo‘limi, garchand jamoalarning turnir jadvalidagi egallab turgan o‘rni bir-birlaridan tubdan farq qilsada, deyarli teng kurashlar ostida o‘tdi va hisob ham jamoalarning o‘yiniga yarasha 0:0 va jamoalar tanaffusga chiqdi.
Jizzaxliklarning tajribali murabbiyi Sherali Boboqulov tanaffusda o‘z shogirdlarini butunlay yangi taktikada maydonga chiqargani ikkinchi bo‘limning ilk daqiqalaridanoq ularning o‘yinida yaqqol sezildi.
Mehmon jamoa – “So‘g‘diyona-W” klubi qizlari ketma-ket “Paxtakor-W” jamoasi darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni sodir eta boshladi. Bahsning 51-daqiqasida bu ustunlik hisobda ham o‘z aksini topdi. “So‘g‘diyona-W” va O‘zbekiston chempionati to‘p urari Diyoraxon Habibullayeva o‘zining navbatdagi golini kiritib, hisobni ochdi – 0:1.
Shundan so‘ng jizzaxliklarning o‘yini yanada ochildi.
Uchrashuvning 58- va 82-daqiqalarida Nozima Kamoltoyeva hamda 85-daqiqasida yana o‘sha tinib-tinchimas Diyoraxon Habibullayevalarning har biri 2 tadan gol kiritib, “dubul” qayd etgan bo‘lsa, Shahnoza Qurbonova hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+1-daqiqada o‘rtadagi farqni yana oshirdi – 0:5.

9-turning qolgan uchrashuvlari quyidagi natijalar bilan yakuniga yetdi: “Qizilqum –W” (Navoiy) – “Lokomotiv-W” (Toshkent) – 2:1, “Navbahor-W” (Namangan) – “Metallurg-W” (Bekobod) – 0:3, AGMK-W (Olmaliq) – “Neftchi-W” (Farg‘ona) – 2:1.
“Bunyodkor-W” hamda “Sevinch-W”ning o‘zaro bahsdagi durangi “Paxtakor-W”ni mehmonda yirik hisobda dog‘da qoldirgan “So‘g‘diyona-W” ochkolari sonini 25 taga yetkazib, “Bunyodkor-W”dan 3, “Sevinch-W”dan 5 ochkoga ilgarilab ketdi. Chempionatimiz autsayderi esa hamon Namanganning “Navbahor-W” jamoasi bo‘lib, namanganlik qizlar 9 o‘yindan atigi 1 ochko jamg‘argan holda oxirgi o‘rinda bormoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA