Ayol qadri ulug‘langan yurtda — istiqlol shukuhi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobxon onalar” loyihasi doirasida “Mustaqillikning 35 yillik shukuhi” hamda “Ayol qadri ulug‘langan yurt” mavzulariga bag‘ishlangan ijodkor ayollarning bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda adiba, ijodkor, faol va ziyoli xotin-qizlar, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda tuman axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etdi.
Ma’naviy-ma’rifiy ruhda o‘tgan tadbirda istiqlol yillarida mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oilalarni mustahkamlash, jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va munosib mehnat qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayollarning jamiyat va davlat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash, ularning qadr-qimmatini yuksaltirish hamda oilalar farovonligini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Istiqlol — avvalo, inson qadri, uning orzu-intilishlari va erkin hayotini yuksak maqsad sifatida belgilagan buyuk ne’mat. Bu ulug‘ davrda o‘zining mehri, matonati, fidoyiligi va bunyodkorligi bilan yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan ayollarimizning o‘rni beqiyos. Bugun o‘z iste’dodi va salohiyatini erkin namoyon etayotgan, ilm-fan, madaniyat, adabiyot, ta’lim va turli sohalarda yuksak natijalarga erishayotgan xotin-qizlar istiqlolning eng munosib timsollaridan biridir.

Zero, ayol baxtli va qadrli bo‘lgan oilada fayz, mehr va baraka, ayolning orzu-umidlari qo‘llab-quvvatlangan jamiyatda esa taraqqiyot va yuksalish barqaror bo‘ladi. Shu ma’noda, istiqlol yillarida xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, oila va jamiyat farovonligini ta’minlash yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarning yorqin ifodasidir.
Tadbirda harbiy soha vakillari ham mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining o‘ziga xos jihatlari xususida fikr bildirdi. Bu borada qabul qilingan dastur va loyihalar, belgilangan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani, ularning ijobiy natijalari esa xotin-qizlarning kundalik hayotida, oilaviy va ijtimoiy faoliyatida yaqqol namoyon bo‘layotgani qayd etildi.

Shuningdek, kitob mutolaasi, ma’naviyat va ma’rifatning inson hayotidagi o‘rni, ayniqsa, farzand tarbiyasida kitobxon onalarning ahamiyati haqida ham fikrlar bildirildi. Zero, kitobsevar ona — ma’rifatli avlod tarbiyasining mustahkam poydevori.
Ijodkor ayollarning samimiy muloqotlari, adabiyot va san’atga oid fikr-mulohazalari tadbirga yanada fayz bag‘ishladi. Taniqli xonandalarning Mustaqillik, Vatan, tinchlik, muhabbat va oila mavzulari tarannum etilgan dilbar qo‘shiqlari esa ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, bayram kechasiga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Mazkur tadbir xotin-qizlarning jamiyatdagi munosib o‘rnini e’tirof etish, ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik va ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarni keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi. Bunday ma’rifiy uchrashuvlar ayollar qalbida Vatanga muhabbat, istiqlolga shukronalik va ezgu kelajakka ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri