Baxt beshigi – sof va samimiy orzu-umidlar kamol topadigan muqaddas maskan
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist Muhabbatoy Rahmonberdi qizining “Baxt beshigi” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda shoir va yozuvchilar, tarjimon va jurnalistlar, yosh qalamkashlar va adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ijod olamida o‘zining ovozi, o‘z uslubi bilan kirib kelayotgan ijodkor Muhabbatoy Rahmonberdi qizining el nazariga tushib kelayotgan hikoyalari va ocherklari haqida fikr bildirdi.

“Baxt beshigi” nomli to‘plamdan joy olgan ocherklar qahramonlarining sehrli olami o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Bu ocherklarda muallif o‘z atrofidagi ko‘rgan-kechirganlarini qog‘ozga tushirib, kitobxonlarga havola etgan. To‘rt bo‘limdan iborat bo‘lgan ushbu turkum orqali u yurt xizmatiga mehnati singgan insonlar haqida mehr bilan hikoya qiladi.

Baxt beshigi bu insonning eng sof va samimiy orzu-umidlari kamol topadigan muqaddas maskandir. U o‘z bag‘riga oilaviy xotirjamlik, qalb go‘zalligi va tuganmas mehr-muhabbatni jo etgan sirli olamga o‘xshaydi. Bu beshikning naqshlari sabr va shukronalikdan, tayanchi esa sodiqlikdan yaratilgan. Unda tebrangan har bir murg‘ak qalb hayotning go‘zal lahzalaridan zavqlanishni va ezgulikka intilishni o‘rganadi.

Shu sababli, baxt beshigi insonga dunyoning barcha tashvishlarini unuttiruvchi, faqatgina iliqlik va nur taratuvchi haqiqiy saodat timsolidir. Muhabbatoy Rahmonberdi qizining taqdimoti bo‘lib o‘tgan kitobida ayni jihatlar o‘zining samimiy ifodasini topgani bilan diqqatga sazovor.

Taqdimot tadbirida yangi kitobning mazmuni, muallifning ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA