Avstraliya bilan sport sohasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston davlat sport akademiyasi olimlari sportchilarni tayyorlashning zamonaviy usullarini ilmiy o‘rganish, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Avstraliya davlatining sport ta’limi muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Safar davomida O‘zbekiston davlat sport akademiyasi vakillari Avstraliya sport instituti mutasaddilari, olimlari bilan o‘tkazilgan ilmiy-amaliy uchrashuvlarda sport sohasida zamonaviy yondashuvlar, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy etish va sportchilar tayyorgarligini takomillashtirish masalalarini tahlil qildi.

Avstraliya sport komissiyasi va sport institutining yuqori mahoratli hamda ommaviy sportni rivojlantirishdagi tuzilmasi va strategik roli, ilmiy tadqiqotlarni sportchilar tayyorgarligi jarayoniga integratsiya qilish, murabbiylarni tayyorlash hamda ularning kasbiy rivojlanishini ta’minlash, laboratoriya va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi yo‘nalishlari tadqiq etildi.

Yashil qit’a sport ta’lim muassasalari, alohida tuzilmalaridagi uchrashuv va davra suhbatlari, amaliy mashg‘ulotlarda O‘zbekiston davlat sport akademiyasining faoliyati, tuzilmasi va sport sohasidagi ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.
Muloqotlar yakunida tomonlar ilmiy ishlanmalarni sportchilar tayyorgarligi jarayoniga joriy etish, murabbiy va mutaxassislarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, Avstraliya sport tizimining ilg‘or tajribalarini mamlakatimiz jismoniy tarbiya va va sport tizimiga joriy etish kabi bir qator yo‘nalishlarda kelishuvlarga erishildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA