Atrof-muhitga zarar yetkazgan korxonalarga cheklov qo‘yildi
Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, havo tozaligini saqlash va aholi salomatligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu bois, ekologik talablarga amal qilmagan korxonalar faoliyati ustidan nazorat tadbirlari izchil kuchaytirilmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan Toshkent shahri Bektemir tumanidagi metalni qayta ishlovchi korxonalar faoliyati o‘rganildi. O‘rganish davomida qator jiddiy qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, ayrim korxonalar ekologik ekspertiza xulosasi talablariga amal qilmagani, shuningdek, atmosferaga me’yordan ortiq zararli moddalar chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, korxonalardan birida ekspertiza xulosasida ko‘rsatilmagan qo‘shimcha pech noqonuniy ravishda o‘rnatilgan bo‘lib, u orqali havoga zararli chiqindilar tarqalayotgani qayd etildi.

Yana bir korxonada esa metalni eritish jarayonida hosil bo‘ladigan zararli moddalarni tozalash inshootlari umuman mavjud emasligi aniqlandi. Bu esa ekologik xavfsizlik talablarining qo‘pol ravishda buzilganini ko‘rsatadi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan har ikki korxona faoliyati 10 kun muddatga vaqtincha to‘xtatildi. Shu bilan birga, atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida mazkur korxonalarni Toshkent shahridan ko‘chirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA