Atom elektr stansiyasi: Ekologik baholash uchun ekspert guruhi ish boshladi
Mamlakatimizda energetika xavfsizligini ta’minlash va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri — atom elektr stansiyasi qurilishi hisoblanadi. Bunday strategik ahamiyatga ega ob’ektlarni barpo etishda atrof-muhit muhofazasi, ekologik xavfsizlik va jamoatchilik manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasining atrof-muhitga ta’sirini baholash (OVOS) materiallari bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun maxsus Ekspert guruhi tashkil etildi. Ushbu qaror loyiha hujjatlarini xolis, ilmiy asoslangan va har tomonlama ko‘rib chiqish maqsadida qabul qilingan.

Mazkur jarayon amaldagi ekologik ekspertiza va atrof-muhitga ta’sirni baholashga oid milliy qonunchilik talablari asosida tashkil etilmoqda.

Ekspert guruhi tarkibiga mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda xalqaro ekspertlar ham jalb etilgan. Jumladan, Belarus Respublikasi Tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi huzuridagi ixtisoslashgan markaz mutaxassislari ishtirok etmoqda. Bu esa atom energetikasi sohasidagi xalqaro tajriba va ilg‘or yondashuvlarni hisobga olish imkonini beradi.

Hozirgi bosqichda ekspertlar tomonidan loyihaning atrof-muhitga ta’siri kompleks tarzda tahlil qilinmoqda. Xususan, atmosfera havosi, suv resurslari, tuproq holati, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ta’sir, shuningdek gidrogeologik va seysmologik omillar chuqur o‘rganilmoqda.

Shu bilan birga, ehtimoliy ekologik xavflarni kamaytirish, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va loyihada ko‘zda tutilgan muhofaza choralarining samaradorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ekspert guruhi a’zolari Jizzax viloyatining Forish tumanida loyihalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi maydoniga tashrif buyurib, hududning tabiiy-iqlimiy, gidrologik va geomorfologik xususiyatlarini o‘rgandi. Bu esa ekologik baholash jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda davlat ekologik ekspertizasi doirasida jamoatchilik eshituvlari davomida bildirilgan fikr va takliflar ham inobatga olinmoqda. Bu esa qaror qabul qilish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ekspert guruhi faoliyati yakunida loyihani keyingi bosqichlarda amalga oshirishda hisobga olinishi zarur bo‘lgan ekologik talablar va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan davlat ekologik ekspertizasi xulosasi tayyorlanadi.
Ushbu jarayon atom elektr stansiyasi qurilishida ekologik xavfsizlikni ta’minlash va tabiatga ehtiyotkorona munosabatni kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA