Atletlarimizning muvaffaqiyatlari
Qozogʻistonda yengil atletika boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro turnirda mezbon atletlaridan tashqari, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkiya, Qirgʻiziston, Armaniston, Gruziya, Belarus va Ukrainadan kelgan sportchilar gʻoliblik uchun bahs olib bordi.
Qozogʻistonda yengil atletika boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro turnirda mezbon atletlaridan tashqari, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkiya, Qirgʻiziston, Armaniston, Gruziya, Belarus va Ukrainadan kelgan sportchilar gʻoliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqaning balandlikka sakrash bahslarida hamyurtlarimizdan Safina Saʼdullayeva birinchi oʻrinni, tajribali sportchimiz Nadiya Dusanova ikkinchi oʻrinni egalladi.
800 metr masofaga yugurishda Xurshid Ahmadaliyev marraga birinchi boʻlib yetib keldi va terma jamoamiz zaxirasiga yana bir oltin medalni taqdim etdi.
Shu tariqa 9 nafar atletimiz ikki oltin va bir kumush medalni qoʻlga kiritdi.
Shuningdek, Chirchiq shahrida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan oʻtkazilgan yengil atletika boʻyicha musobaqada balandlikka sakrashda Dmitriy Melsitov va Aleksandra Yurkevskaya birinchi oʻrinni egalladi. Aleksandra uzunlikka sakrash bahslarida ham shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi. Ushbu bellashuvda erkaklar oʻrtasida Nikita Loginovga teng keladigan topilmadi.
Turli masofaga yugurishda Sunnat Ismoilov, Ulugʻbek Murtazoyev, Sabina Shiriyeva, Saida Abdumoʻminova marraga birinchi boʻlib yetib keldi.
60 metrga toʻsiqlar osha yugurishda Anvar Safarov hamda Saida Abdumoʻminova gʻolib deb topildi. Yadro, nayza, disk uloqtirishda Artyom Davletov, Sanobar Erkinova, Shahrizoda Yusupova barchani ortda qoldirdi.