Astmaning og‘ir shakli umrni qisqartirishi mumkin
Karolinska instituti olimlari o‘tkazgan yangi tadqiqotga ko‘ra, astmaning og‘ir shakli erta o‘lim xavfini qariyb ikki baravar oshirishi mumkin. Tadqiqot natijalari “European Respiratory Journal”da e’lon qilingan.
Mutaxassislar 11 mingdan ortiq astma bilan kasallangan bemorlarning ma’lumotlarini tahlil qilib, ularni 20 yil davomida kuzatgan. Natijalarga ko‘ra, og‘ir astma bilan og‘rigan bemorlar orasida o‘lim ko‘rsatkichi sezilarli darajada yuqori bo‘lgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, astmaning o‘zi kamdan kam hollarda bevosita o‘limga olib keladi, biroq uning og‘ir shakli organizmda tizimli yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiradi. Bu esa yurak-qon tomir kasalliklari, tromboz, miokard infarkti va insult xavfini oshirishi mumkin.
Bundan tashqari, og‘ir astma bemorlarida boshqa surunkali va onkologik kasalliklar ham ko‘proq uchrashi qayd etilgan. Mutaxassislar fikricha, aynan shu hamroh kasalliklar o‘lim ko‘rsatkichining oshishiga asosiy sabab bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar og‘ir astma nisbatan kam uchrashini — bemorlarning taxminan 3–8 foizini tashkil etishini ta’kidlasa-da, aynan shu guruh eng qat’iy tibbiy nazorat va muntazam davolanishni talab qilishini urg‘ulamoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/PJ-lf1bFSYE?si=8xfNDzzMSpzDeT_n" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA