Asossiz hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida yashovchi fuqaro L.Rajabboyevaga yangi sotib olgan, biroq quruvchining aybi bilan haligacha foydalanishga topshirilmagan turar joy uchun “Kommunal issiqlik ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 million 746 ming 930 so‘m asossiz qarzdorlik yuklangan.
Bundan norozi bo‘lgan fuqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Ellikqal’a tumani bo‘limiga murojaat qilgan. O‘tkazilgan o‘rganish natijasida fuqaro va korxona o‘rtasida hech qanday shartnoma tuzilmaganligi, turar joy tayyor bo‘lmaganligi sababli xonadon egalarining shu kungacha yangi manzilga ko‘chib o‘tmaganligi aniqlandi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Ellikqal’a tumani bo‘limi rahbari tomonidan “Kommunal issiqlik ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga xat yuborildi. Natijada iste’molchining huquqlari tushuntirildi va asossiz hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri