Asosiy maqsad — tadbirlar samaradorligini oshirish
Jizzax viloyatida ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashga qaratilgan ishlar so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu jarayonda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid davlat siyosatining izchil amalga oshirilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirishga qaratilgan qaror va farmonlari mazkur sohada tizimli o‘zgarishlar uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi sifatida Jizzax viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu boradagi natijalar tahlil qilindi, kelgusi rejalar belgilab olindi.

Avvalo markazning moddiy-texnik bazasi tubdan yangilandi. Jizzax davlat pedagogika universiteti hududida joylashgan viloyat bo‘limi zamonaviy talablar asosida qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Bu esa nafaqat xodimlar, balki keng jamoatchilik uchun ham qulay va samarali faoliyat muhitini yaratdi.
2025-yil davomida viloyatda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar mazmun jihatdan boyigani bilan e’tiborlidir. Turli formatdagi tadbirlar — ilmiy-amaliy anjumanlar, davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar, kitobxonlik aksiyalari va festivallar aholining keng qatlamini qamrab oldi. Ayniqsa, “Ma’naviyat karvoni”, “Kitob karvoni”, “Ma’rifat karvoni”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” kabi loyihalar jamiyatda ma’rifatparvarlik ruhini kuchaytirishda muhim omilga aylandi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, tadbirlar sonidan ko‘ra, ularning mazmun-mohiyati va ta’sir doirasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish, ma’naviy immunitetni mustahkamlash borasida sezilarli natijalarga erishilgan.
Matbuot anjumani doirasida markazning viloyat bo‘limi boshlig‘i Iqboloy Umarova bilan bo‘lgan muloqot bu jarayonlarni yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.

— Bugungi kunda eng asosiy vazifamiz — tadbirlar sonini ko‘paytirish emas, balki ularning samaradorligini oshirishdan iborat, — deydi Iqboloy Umarova. — Prezidentimiz tomonidan ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirishga qaratilgan qarorlar ijrosini ta’minlash doirasida biz har bir hudud, har bir mahallaning ehtiyojidan kelib chiqib ish yuritmoqdamiz. Ayniqsa, yoshlar bilan ishlashda yangi, ta’sirchan usullarni joriy etishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Uning ta’kidlashicha, kitobxonlikni targ‘ib qilish, ijodkorlar bilan uchrashuvlarni ko‘paytirish, madaniy-ma’rifiy sayohatlarni tashkil etish orqali yoshlarning dunyoqarashi kengaymoqda.

— Biz faqat ma’lumot berishni emas, balki inson qalbiga ta’sir qilish, uni o‘ylashga, izlanishga chorlashni istaymiz. Shu nuqtai nazardan, har bir tadbirning ssenariysi, mazmuni va uslubiga alohida yondashyapmiz, — deydi bo‘lim boshlig‘i.
Darhaqiqat, Jizzaxda amalga oshirilayotgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ma’naviy-ma’rifiy sohada sifat ko‘rsatkichlari ustuvorlik kasb etmoqda. Targ‘ibot ishlari ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali ham keng yoritilmoqda, bu esa ta’sirchanlikni yanada oshirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Jizzax viloyatida ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar davlat siyosati bilan uyg‘un holda, aniq maqsad va manzilli yondashuv asosida tashkil etilmoqda. Bu esa jamiyatda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashdek ulug‘ maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri