“Asia Rugby Emirates Sevens Series”da O‘zbekiston jamoalari ijobiy natija qayd etdi
Xitoyning Suchjou shahrida regbi-7 bo‘yicha o‘tkazilgan “Asia Rugby Emirates Sevens Series” turnirining dastlabki bosqichida munosib natija qayd etgan O‘zbekistonning erkaklar va ayollar terma jamoalari keyingi bosqich yo‘llanmalariga ega chiqdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, erkaklar terma jamoasi Osiyo regbi jamoalari orasida 11-o‘rinni egalladi. Ushbu natija O‘zbek regbichilarining qit’a regbi jamoalari orasidagi umumiy reytingidagi mavqeini mustahkamladi. Hamyurtlarimiz 40 ga yaqin milliy terma jamoalar orasida 13-o‘rindan 11-o‘ringa ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa mazkur musobaqada ilk bor qatnashib, 8-o‘rinni egalladi va kuchli o‘nlikka kirgan jamoalar qatorida “Asia Rugby Emirates Sevens Series”ning Shri-Lanka, Dubay va Gongkongda o‘tkaziladigan keyingi bosqichlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
“Asia Rugby Emirates Sevens Series” turnirining navbatdagi bosqichi joriy yil 17–18 oktabr kunlari Shri-Lankaning Kolombo shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimiz ayollar terma jamoasi kuchli sakkizlikdagi o‘rnini mustahkamlash, erkaklar jamoasi esa reytingdagi mavqeini yanada yaxshilash uchun kurash olib boradi.

Shu o‘rinda aytish lozimki, bundan 4-5 yil muqaddam yurtimiz regbichilari qit’a miqyosidagi musobaqalardagina emas, mintaqada o‘tkazilayotgan kichik turnirlarda ham muvaffaqiyatsiz ishtirok etib kelardi.
Osiyodagi nufuzli musobaqalardan biri “Asia Rugby Emirates Sevens Series” turnirida mamlakatimiz regbi jamoalarining o‘ziga xos natija qayd etgani ushbu sport turida muvaffaqiyatli yurish Osiyo miqyosida ishonchli boshlanganidan dalolat, deyish mumkin.
T.Ro‘ziyev, O‘zA