Ashxobodda xalqaro musobaqa g‘oliblari taqdirlandi
16-may kuni Ashxobod shahridagi “Toshkent bog‘i”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bosh sovrinlariga sazovor bo‘lgan xalqaro ot sporti musobaqalari g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, otchilik sohasi mutaxassislari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning musobaqa ishtirokchilari va g‘oliblariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Qutlov murojaatida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Sharq marvaridi” xalqaro musobaqalari va axaltaka otlari go‘zallik tanlovi o‘zbek-turkman do‘stligi, qardoshligini yanada mustahkamlagan muhim tarixiy voqea sifatida baholandi.

Shuningdek, Ashxobod shahridagi “Toshkent” bog‘i va Toshkent shahridagi “Ashxobod” bog‘ida bir vaqtda tashkil etilgan tantanali tadbirlar ikki davlat munosabatlari yangi mazmun bilan boyib borayotganining yorqin ifodasi ekani ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari xalqaro musobaqalar ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga ham xizmat qilayotganini ta’kidladilar.

Marosim milliy madaniy chiqishlar va konsert dasturi bilan yakunlandi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA