Asarlari ham ko‘ngliday beg‘ubor
Taniqli yozuvchi Sobir O‘nar 60 yoshga to‘ldi.
Ha, u hayot bo‘lganida shu yilning 25-fevralida 60 yoshga to‘lar, o‘zi yubileyini o‘tkazishni xohlamasa ham adabiy jamoatchilik va minglab kitobxonlarning qistovi bilan qutlug‘ sanani yozuvchilar uyushmasining tantanalar zalida nishonlayotgan bo‘lur edik. Do‘stlari, atoqli olimlar-u shoir va adiblar u haqda maqtov so‘zlarni yog‘dirishardi.
Afsuski, bevaqt o‘lim uni 2022-yilning 18-dekabrida oramizdan olib ketdi. Mana, oradan bir yildan oshiq vaqt o‘tdi. Uning o‘nlab asarlari-esselari, qissa va hikoyalarini yana bir karra varaqlar ekanman, adibning hayot va ijod yo‘li haqiqatan ham ko‘p ijodkorlar havas qilsa arziydigan darajada samarali bo‘lganligini yana bir karra his etdim..
Sobir O‘nar 1064-yilning 25-fevralida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi Quvkalla qishlog‘ida tug‘ilgan.1981-1986-yillarda O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetida o‘qidi. U dastlab faoliyatini “Yoshlik” jurnalidan boshlagan. Muharrir, bosh muharrir o‘rinbosari sifatida tinimsiz mehnat qildi .1993-2015-yillarda esa shu jurnal bosh muharriri vazifasini ado etdi. U rahbarlik qilgan yillarda jurnalning tiraji ancha oshib ketdi. So‘ngra “Kuch-adolatda” gazetasi tahririyatida, G‘afur G‘ulom nomli va yoshlar nashriyotida xizmat qildi. 2020-yildan boshlab umrining so‘nggi kunlarigacha O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining nasr bo‘limida ishladi. Yosh ijodkorlar uchun mo‘ljallangan davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. ”Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.
“Cho‘lpon” nashriyotida nashr etilgan “Orzuga to‘la qishloq” hikoyalar to‘plamini hamon kutubxonamda saqlab kelyapman. U ilk kichik asarlari bilanoq kitobxonlarning mehrini qozongan edi.
Taniqli adib o‘nlab kitoblar muallifi sifatida muxlislarda katta taassurot qoldirdi.”Ovloq adirlar bag‘rida”, “Chambilbelning oydalasi”, “Kunsuluvning sirli xatlari”, “Farishta”, “Bibisora”, “Oldinda yongan mayoq” kabi kitoblaridan minglab o‘quvchilar zavq olmoqdalar.
Sobir O‘nar o‘zbek nasrini yuqori pog‘onaga olib chiqishda fidoyilik ko‘rsatgan adiblardan biri edi. Uning o‘nlab badiiy jihatdan pishiq hikoyalari, kitobxonlar qalbidan joy olgan qissalari kutubxonalarni bezab turibdi. Ularni bugungi yosh-u qari-kitob muxlislari maroq bilan o‘qishyapti, yozuvchining mahoratiga tan berishmoqda.
Minglab o‘quvchilarning sevimli adibi Sobir O‘narning kitoblarini ancha vaqtdan buyon o‘qib kelyapman. Uning Vasiliy Shukshin, Vasiliy Belov singari adiblarga o‘xshab qishloq hayotini tabiiy tasvirlashi lol qoldiradi. Odamlarning sodda, to‘poriligi, samimiyligi ko‘pchilik hikoyalarida shundoqqina muhrlanib qolgandek. Iste’dodli ijodkorning “Aka-ukalar” asarini mutolaa qilganda Nurota, Qo‘shrabot tumanlaridagi tog‘ qishloqlari odamlari bilan gurunglashganday, ular bilan baqamti turib qishloqchasiga hangoma qilganday bo‘lasiz. O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov bekorga uning ta’rifini qiyomiga yetkazmagan: “Sobir O‘narni biror o‘n besh yildan buyon taniganim, kitoblari, matbuotdagi qissa, hikoya va qator maqolalarini o‘qiganim holda ayta olamanki, u sof o‘zbekcha yoza oladi. Fikrlashi ham xalqona. O‘ylaymanki, buyam bir baho”
“Aka-ukalar” hikoyasidagi Olmos va Norbo‘ta polvonlar sizga yoqib qoladi. Ulardagi samimiyat bir zumda ko‘nglingizga iliq nur olib kiradi. Qorabosh akanikiga to‘yga borish voqeasi sizni qishloq odamlarining o‘zigagina xos hayoti bilan oshno qiladi. Muallif voqealarni bo‘yamasdan, bejamasdan ko‘rganlarini qiziqarli tarzda tasvir (bayon emas) etaveradi. To‘yga, mehmondorchilikka borgan kishilarning holati, shunday tasvirlanadi: “Yana bir muddatdan so‘ng bir taqsimchada tosh konfet va bir taqsimchada, chamasi bulturgi hayitdan qolib ketgan parvarda keldi. Boshqa hech narsa kelmadi. Chavandozlar biror yog‘liroq ovqat yeb qorin to‘yg‘azish qayg‘usida … Haybarakallachi Ko‘mak aka ikkimiz to‘yda eski oshnalar bilan miriqib ulfatchilik qilish ishtiyoqida edik. Dodimiz Xudoga yetmadi chog‘i, qamoqqa tushgan to‘rt o‘g‘londay o‘tiraverdik”. Qishloqdagi sarguzashtlar shu tarzda hikoya qilib borilaveradi.
Sobir O‘narning ilk asarlarini maroq bilan o‘qiganingizga shubha qilmasa bo‘ladi. U ijodining dastlabki yillaridayoq insonni, uning hayotini bo‘y-basti bilan tasvir etishga jazm etgan. Adib qishloq odamlarining to‘pori xarakterini o‘z iste’dodi darajasida aks ettira olganidan ko‘nglingiz tog‘dek ko‘tariladi. Uning “Tarvuz” hikoyasini o‘qiganda xuddi Qo‘shrabot tumanidagi Quvkalla qishlog‘ining sodda va beg‘ubor qalbli odamlari bilan samimiy suhbatlashayotgandek bo‘lasiz go‘yo. Qarang, personajlar ismlari o‘ziga xos: Omondavlat, Xudoyqul. Ularning gap-so‘zlari, qahramonlar o‘rtasidagi dialog ham xarakterini, aslida qanday kishilar ekanligini bilib-bilmay fosh etib qo‘yadi: “Xudoyqul avval kesakdan o‘t chiqqan yanglig‘ unga taajjublanib qaradi, keyin ichi yorishganday yangirog‘idan olasanmi yo degan ma’noda so‘radi.
– Qanchaligidan mo‘ljallayapsan?
– Million bo‘lmaydimi, – deb qo‘l siltadi Omondavlat.
– Oho, molodes, qo‘ymaysan, – dedi o‘rtog‘i zo‘raki tantanavor ohangda.
Keyin o‘zi puli bormi-yo‘qligiga qiziqdi.
– Bug‘doy bor, jo‘ra. Hozir arzon. Qishda ko‘tariladi narx. O‘shanda urib yuboraman. Gap borda, bilding.
– Bildik-bildik. Demak bir millionga sotasan?"
Dialoglar shu yo‘sinda davom etaveradi, qishloqliklarning gurungiga qiziqayotganingizni sezmay qolasiz…Hikoya qahramonlarining tili tabiiyligi sizni lol qoldiradi.
Bilasiz, adabiy asarda mavzu asosiy rol o‘ynamaydi. Ijodkor mahorati ziyosi xuddi quyosh nuri kabi har qanday mavzuni yorqinlashtirib, kishi xayoliga kelmagan jihatlarni yoritib yuboradi. Iste’dodli adib Sobir O‘narning: “Inqilob kechasi” qissasini o‘qiganda xayolingizdan shu fikrlar o‘tadi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, olis talabalik yillarining alg‘ov-dalg‘ovli, ba’zan hayajonli, gohida og‘ir kunlari xususida asar yaratgan yozuvchi ozmi?
Buni qarangki, “Inqilob kechasi”ni o‘qishingiz bilanoq xayolingizga sarguzashtlarga to‘la talabalik yillaringiz kela boshlaydi. O‘sha navqironlik davridagi hodisalar jonlanadi. Eng asosiysi, Sobir O‘nar ayrim yozuvchilar kabi talabalik xotiralarini zo‘rma-zo‘raki, uzundan-uzoq tasvirlarga, qahramonlar qiyofasi chizilgan zerikarli epizodlarga ro‘baro‘ qilmaydi sizni. Aksincha, xuddi ukangiz yoki akangiz singari oddiy, ko‘cha changitib yurgan qishloqi yigitcha singari tafsilotlarni (shevalarni ham yoddan chiqarmasdan) qiziqarli hikoya qila boshlaydi.
Bir kuni el suygan adib Sobir O‘nar bilan adabiy suhbat tayyorlashga kelishib olgandik. Men atayin davrning og‘riqli muammolari haqida nozik savollarni yozib chiqdim. Ammo Sobir O‘nar sira tap tortmasdan deyarli barcha savollarga batafsil javob qaytardi. ”Negadir birorta romaningiz nashr qilinmagan…Sizdek iste’dodli adib dunyoning barcha ijtimoiy, maishiy tashvish-u vahimalaridan qo‘l siltab, butkul ijodiy mashg‘ulotga sho‘ng‘ib ketolmayotganiga afsus chekaman. O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz?" deya savol bergandim. U shunday javob qaytardi: ”Mezon qissa yo roman yozish bo‘lmasligi kerak, chamasi. Odam o‘zini bag‘ishlab, kuchi, ilhomini ayamay yozishi, yuzakilikka berilmasligi lozim. Nuqtayi nazarim, prinsipim shu. Ammo epik ko‘lam bilan ijod qilganlarga ochig‘i, havasim keladi. Tolstoy, Sholoxov, Qodiriy,Odil Yoqubovni oling. Qancha chigal taqdir, zamon, makondagi murakkabliklar, yozuvchining ayni o‘sha qismatlardan ham ustun kelib bayon etishi... Bu-kuchlilik belgisidir. Romanga havasmand bo‘lganimga o‘n besh yildan oshdi, deylik, shu yillar davomida qaysidir ma’noda unga unnab yotaman, ba’zan hafsalasizlik, yalqovlik ustun keladi, goho o‘tirib, chinakamiga “chechilib” yozishga yumush xalaqit qiladi, umuman, bahona ko‘p. Shukur akaga o‘xshab “Hayt!" deya hamma narsadan voz kechib, uzlatga ketish, asli-jasorat." O‘zi, ijodi xususida yuqoridagi kabi mardona turib rost so‘zlay olish har qanday adibning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Taniqli yozuvchi Sobir O‘nar ana shunday fidoyi, talantli, asarlari kabi sevimli, dili pok, ko‘ngli ochiq va ajoyib fazilatlarga ega yozuvchi edi.
Jovli Xushboqov, O‘zA