AQSH Xitoyga bosh egadimi?
AQSH Prezidenti Donald Tramp shu hafta Xitoyga muhim tashrif bilan boradi. Bir yil avval Pekinni tarif orqali iqtisodiy jihatdan tiz cho‘ktirishini aytgan Oq uy rahbari bu galgi muzokara oldidan ancha murakkab vaziyatga tushgan.
Eron urushi, neft inqirozi va mamlakat ichida kuchaygan tanqid Vashington pozitsiyasini zaiflashtirgandek. Endi Amerika ma’muriyati Pekindan Tehronga ta’sir o‘tkazib, mojaroni yumshatishda yordam so‘rayapti. Tahlilchilar fikricha, bu holat Qo‘shma Shtatlarning XXRga qaramligi kuchayganini ko‘rsatmoqda.
Xitoy rahbari Si Szinpin esa uchrashuvga kuchli mavqe bilan kelmoqda. Pekin so‘nggi oylarda nodir metallar eksporti va savdo cheklovi orqali Vashingtonga iqtisodiy bosimni oshirdi. Shu bois ko‘plab ekspertlar muzokarani AQSH uchun “majburiy diplomatik qadam” sifatida baholamoqda.
Muloqot davomida tarif, Tayvan, Eron urushi va savdo munosabati muhokama qilinadi. Ko‘pchilik kuzatuvchilar hozir jiddiy kelishuv emas, balki muvaqqat va nozik “savdo sulhi”ga erishilish ehtimoli yuqoriligini ta’kidlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA