Eron Vashingtonga ochiq tahdid qildi
Yaqin Sharqdagi keskinlik yana xavfli nuqtaga yaqinlashmoqda. Eron rasmiylari mamlakat yana hujumga uchrasa, uranni 90 foizgacha boyitish masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Bu daraja xalqaro ekspertlar tomonidan yadroviy qurol uchun yetarli chegara sifatida baholanadi.
Islom Respublikasi parlamenti milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi vakili Ibrohim Rizoiy Tehron ushbu mavzuni parlament darajasida muhokama qilishi mumkinligini aytdi. Ayni payt AQSH razvedkasi Eronda 60 foizgacha boyitilgan yuzlab kilogramm uran zaxirasi saqlanayotganini taxmin qilmoqda.
Prezident Donald Tramp esa Eron bilan erishilgan sulh “hayot-mamot holati”da ekanini bildirdi. U Tehron yuborgan yangi taklifni keskin tanqid qilib, hatto hujjatni oxirigacha o‘qimaganini ta’kidladi. Vashington Eronga kuchli boyitilgan uranni mamlakatdan olib chiqish talabini qo‘ydi. Tehron esa bu shartni qabul qilishdan bosh tortyapti.
Shu bilan birga Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Hurmuz bo‘g‘ozini yangi “keng harbiy zona” deb e’lon qildi. Eron axborot agentliklari strategik hudud endi avvalgi 20-30 millik yo‘lak emas, balki 200-300 millik ulkan amaliyot maydoni sifatida qo‘rilishini yozmoqda. Bu esa jahon neft ta’minoti uchun yangi xavf belgisi bo‘lishi mumkin.
Hozir "Brent" nefti 107 dollardan yuqoriga ko‘tarildi, OPEC ishlab chiqarishi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng past darajaga tushdi. Vashington Eron neftini Xitoyga yetkazishda gumon qilingan kompaniyalarga qarshi yangi sanksiya joriy qildi.
Kuzatuvchilar fikricha, hozirgi vaziyat shunchaki diplomatik inqiroz emas. Eron yadroviy bosimni kuchaytirmoqda, AQSH esa Xitoy orqali Tehronga ta’sir o‘tkazishga urinyapti. Bu harakatlar mintaqadagi mojaro yanada kengayish xavfini oshirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA