AQSH Kubaning yirik davlat kompaniyalariga yangi sanksiyalar joriy qildi (+video)
AQSH Kuba iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator davlat kompaniyalariga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi, deb xabar qildi DW nashri.
AQSH davlat kotibi Marko Rubioning ma’lum qilishicha, sanksiyalar beshta Kuba kompaniyasiga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lib, ularning uchtasi mamlakat Qurolli kuchlari nazoratidagi yirik iqtisodiy birlashma bilan bog‘liq.
Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bu birlashma Kuba yalpi ichki mahsulotining qariyb 40 foizini nazorat qiladi. Shuningdek, 2024-yil holatiga ko‘ra, uning moliyaviy zaxiralari 14,5 milliard dollarga baholangan.
Sanksiya ostiga tushgan kompaniyalar tashqi savdo, xorijiy investitsiyalar, moliyaviy operatsiyalar hamda po‘lat ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritadi. Shuningdek, Kuba Milliy xavfsizlik kengashi rahbari va Raul Kastroning o‘g‘li Alexandro Kastroning turmush o‘rtog‘iga nisbatan ham cheklovlar joriy etildi.
Marko Rubioning ta’kidlashicha, Kuba hukumati yirik iqtisodiy birlashma orqali o‘z manfaatlarini ta’minlash, repressiyalar, josuslik va Amerikaga qarshi faoliyatni moliyalashtiradi.
Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges esa yangi sanksiyalarni «shafqatsiz bosim va jamoaviy jazo» deb atadi hamda Marko Rubioni keskin tanqid qildi.
Shu bilan birga, AQSH Oliy sudi amerikalik kompaniyalarga Fidel Kastro davrida davlat tasarrufiga o‘tkazilgan mulklari uchun tovon puli talab qilib sudga murojaat qilish huquqini tasdiqladi.
Mutaxassislar fikricha, bunday qarorlar Vashington va Gavana o‘rtasidagi munosabatlardagi keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin.
<iframe width="640" height="350" src="https://www.youtube.com/embed/T9a7W8tFXh4" title="AQSH Kubaning yirik davlat kompaniyalariga yangi sanksiyalar joriy qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salim Obidjonov, O‘zA