Aql va mahorat bellashuvi
Yurtimizda intellektual sport turlarini rivojlantirish, yoshlarni mantiqiy fikrlash va strategik tafakkurga undashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday muhim tadbirlardan biri 2–3-may kunlari Buxoro viloyatida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida viloyat chempionati yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur musobaqada viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan 109 nafar iqtidorli shaxmatchilar ishtirok etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlarda har bir ishtirokchi o‘z mahorati, zehni va tajribasini namoyon etishga harakat qildi.

Chempionat yakunlariga ko‘ra, erkaklar guruhida Qorako‘l tumanidan To‘xtamurod Navro‘zov 1-o‘rinni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Vobkent tumanidan Jahongir Dilmurodovga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Kogon tumanidan Sherbek Shavqiyev egalladi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslar ham yuqori raqobat muhitida kechdi. Unda Buxoro shahridan Mohjahon Rahmonova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Mariya Mulinaga, uchinchi o‘rin esa Qorako‘l tumanidan E’zoza Hazratovaga nasib qildi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib ravishda taqdirlanib, ularga diplom va medallar topshirildi. Bu esa ishtirokchilar uchun katta rag‘bat va kelgusi musobaqalarda yanada yuqori natijalarga intilishga turtki bo‘ldi.

Mazkur chempionat Buxoro viloyatida shaxmat sportini ommalashtirish, yoshlar orasida intellektual salohiyatni rivojlantirish va yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bunday musobaqalar kelajakda yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan iqtidorli shaxmatchilar yetishib chiqishiga mustahkam zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.