“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sinovlari o‘tkazildi
Andijon davlat universitetining “Universal” sport majmuasida yoshlarning jismoniy salohiyatini sinovdan o‘tkazish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli sport tadbirida O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, Osiyo olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov, Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, dzyudo bo‘yicha “Parij - 2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorova hamda sportsevar yoshlar ishtirok etib, musobaqalarga o‘zgacha ruh va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Mazkur sport tadbirida arg‘amchida sakrash, 60 metrga yugurish, 3x10 metrga mokisimon yugurish, yerga tayangan holda qo‘llarni bukish va yozish, kurakda yotgan holda gavdani 90 darajaga ko‘tarish hamda savatga to‘p tashlash kabi sport turlari bo‘yicha ishtirokchilar o‘z mahorati hamda jismoniy tayyorgarlik darajalarini sinovdan o‘tkazdi.
Sport sinovlari tajribali mutaxassislar va jismoniy tarbiya fani ustozlari tomonidan baholanib, talabalarning natijalari aniq va tartibli tarzda qayd etildi. Mazkur tadbir yoshlarni sog‘lom turmush tarziga undash hamda jismoniy faollikni oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.


Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA