Isroilda hokimiyat uchun kurash davom etadi (+video)
Isroildagi parlament saylovidan keyin biror siyosiy kuch hukumat tuzish uchun yetarli ovoz to‘play olmadi. Varaqalarning 99 foizdan ko‘pi sanalgandan keyingi dastlabki natijaga ko‘ra, amaldagi Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi guruh 53, uning asosiy raqibi Gadi Ayzenkot atrofidagi muxolifat 48 mandatga ega bo‘lishi kutilyapti. Binobarin, 120 o‘rinli parlamentda hukumat tuzish uchun kamida 61 ovoz talab etiladi.
VVS yozishicha, mamlakatda yangi boshqaruv tarkibini shakllantirish masalasi murakkablashgan. Jarayonda muhim o‘rin egallab turgan arab partiyalari parlamentda 19 o‘rinni qo‘lga kiritishi ehtimoli bor. Tabiiyki, aksar yahudiy partiyalari ular bilan hamkorlikka qarshi. Shu bois muxolifatning arablar yordamida ko‘pchilikni shakllantirish imkoniyati cheklangan.
Hukumat tuzishning bir necha yo‘li muhokama qilinmoqda. Birinchi – Netanyaxu va Ayzenkot o‘rtasida milliy birlik hukumatini shakllantirish. Saylov kampaniyasi davomida Netanyaxuni hokimiyatdan tushirish Ayzenkotning asosiy maqsadiga aylangani bunday kelishuvga erishishni qiyinlashtiradi.
Ikkinchi – arab partiyalarining Ayzenkot boshchiligidagi jamoaga qo‘shilishi. Shu tariqa muxolifat parlamentda ko‘pchilikni yig‘ishi mumkin. Ayrim arab partiyalari hukumat tarkibiga kirish, boshqalari esa tashqaridan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. Bunday sheriklikka yahudiy partiyalari qarshiligi va Falastin hududi hamda xavfsizlik masalasidagi nomutanosiblik to‘sqinlik qiladi.
Uchinchi faraz – Netanyaxu muxolifat safidagi o‘ng qanot siyosatchilarini o‘z tomoniga og‘dirishi. Qizig‘i, ular saylov davomida Netanyaxu hokimiyatdan ketishi tarafdori ekanliklarini bildirgan.
Agar bu taxminlarning hech biri amalga oshmasa, mamlakatda yana muddatidan oldin parlament saylovi o‘tkaziladi. Bunday holatda Bosh vazir yangi saylovga qadar vazifasini bajarishda davom etadi. Ayrim tahlilchilar takroriy saylovda arablar faolligi susayishi, o‘ng qanot tarafdorlari esa yanada faollashishini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tish joiz, Isroil parlamenti 2019-2022-yillari siyosiy kuchlar o‘rtasidagi nizo sabab besh marta saylov o‘tkazgan.
Hozir ham o‘zaro kelishuvga erishish imkoniyati noaniqligicha qolmoqda. Asosiy muammo shundaki, Netanyaxu ham, uning raqiblari ham mustaqil ravishda hukumat tuzish uchun yetarli ovozga ega emas. Endi vaziyat qaysi partiyalar o‘zaro murosaga kelishiga bog‘liq.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA