Anomal issiqdan nafaqat o‘zingizni, balki tabiatni ham asrang
Havo haroratining 45-48 darajagacha ko‘tarilishi nafaqat inson salomatligi, balki daraxtlar, hayvonot dunyosi va butun ekotizim uchun ham jiddiy sinov hisoblanadi.
Mutaxassislar bugun ko‘rilgan har bir ehtiyot chorasi ertangi ekologik barqarorlik uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 18-20-iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan o‘ta issiq havo massalarining kirib kelishi davom etadi. Respublika bo‘yicha havo harorati 43-45°S, janubiy va cho‘l hududlarining ayrim joylarida esa 46-48°S gacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Shuningdek, shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha, ayrim hududlarda esa 20–22 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Ayrim joylarda chang va qum bo‘ronlari ham kuzatilishi ehtimoli mavjud.
Yuqori harorat daraxt va butalarning qurishi, yashil hududlarning holati yomonlashishi, yangi ekilgan ko‘chatlarning nobud bo‘lishi hamda hayvonot olamiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi yurtdoshlarimiz, mahalliy hokimliklar, kommunal xizmatlar hamda barcha mas’ul tashkilotlarni o‘simlik va hayvonot dunyosini asrashga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi.
Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan yosh ko‘chatlar ekstremal issiq ta’siriga eng sezgir hisoblanadi. Ular muntazam sug‘orish, qo‘shimcha parvarish va doimiy nazoratga muhtoj.
Shu munosabat bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari, kommunal xizmatlar, korxona va tashkilotlarga ko‘chalar va jamoat joylarini sovitish ishlarini davom ettirish, yashil hududlarni sug‘orishni kuchaytirish, sug‘orish tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, yangi ekilgan daraxtlarni alohida nazoratga olish, tabiiy yong‘inlarning oldini olish va tabiiy resurslarni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish tavsiya etildi.
Mutaxassislarning fikricha, iqlim o‘zgarishi sharoitida bunday ekstremal haroratlar tobora tez-tez kuzatilmoqda. Shu bois ekologik mas’uliyatni faqat davlat idoralari emas, har bir fuqaro ham his qilishi muhim.
Bugun asrab qolingan har bir daraxt, o‘z vaqtida sug‘orilgan har bir ko‘chat va amalga oshirilgan har bir ehtiyot chorasi mamlakatning ekologik xavfsizligi hamda kelajak avlodlar uchun sog‘lom atrof-muhitni saqlab qolishga qo‘shilgan munosib hissa hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA