Angliyada yahudiy maktablari xavfsizlik muammosi bilan yuzma-yuz kelmoqda
Hukumat buyurtmasi bilan o‘tkazilayotgan mustaqil tahlil rahbari ser Devid Bell aytishicha, Angliyadagi ayrim yahudiy maktablari rahbarlari ta’limdan ko‘ra xavfsizlik masalasiga ko‘proq vaqt sarflamoqda.
Muammo o‘quvchilarga ham ta’sir qilyapti. 5 000 bola ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, qariyb 20 foiz o‘quvchi maktab yoki kollejda antisemitik hatti-harakatga duch kelgan yoki shunday holatni kuzatgan. Bell yahudiy bolalar muntazam haqorat va tazyiqqa uchrayotganini aytdi. Bu boshqa jamoalardagi yoshlar duch kelayotgan vaziyatdan ancha og‘ir.
Xullas, antisemitizm holati rekord darajaga chiqqan. “Community Security Trust” ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil birinchi yarmida ta’lim muassasalarida 178 shunday holat qayd etilgan. Bu 2025-yil shu davridagi 112 holatdan 59 foiz ko‘p.
Bell tahlilida o‘qituvchilar uchun maxsus tayyorgarlik va o‘quvchilarga antisemitizm haqida chuqurroq tushuncha berish tavsiya qilingan. Shuningdek, maktab va kollejlarda ayni holatlarni qayd etish uchun yagona tizim joriy etish taklif qilinishi mumkin. Hozir esa ayrim yahudiy maktablarida xavfsizlik chorasi kuchaytirilgan: qo‘riqchilar maktab atrofida navbatchilik qilyapti, xodimlarning avtomobillari ham tekshirilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA