Polshada fermer yangi yo‘lni traktorda buzib tashladi
Polshaning Glivitse shahrida 60 yoshli fermer yangi yotqizilgan asfalt ustiga traktorda kirib, yo‘lning qariyb 200 metr qismini ag‘darib tashladi. Erkak yo‘l o‘ziniki ekani va ta’mir ishi qonunga xilof o‘tkazilayotganini da’vo qilgan. U politsiyaga yo‘lni yana buzishini aytgan.
Prokuratura fuqaroga yirik miqdorda mulkka zarar yetkazish ayblovini qo‘ydi. Bu jinoyat uchun 1 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Sud tergov davrida uni uch oy hibsda saqlashga qaror qildi. Tergovchilar ma’lum qilishicha, fermer asfaltni ataylab buzganini tan olgan, ammo yo‘l qurilgan yer o‘ziniki ekanini ta’kidlagan.
Hujjatlar da’voni tasdiqlamagan. Glivitse shahri Yo‘l boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Ribatska ko‘chasi to‘liq shahar mulki hisoblanadi. Na yo‘l, na yo‘lning biror qismi fermerga tegishli emas. Buzilish payti fermer mast bo‘lmagan. Traktor politsiya jarima maydoniga olib ketilgan va uning majburiy sug‘urtasi ham yo‘qligi aniqlangan.
Hodisa shaharga ancha qimmatga tushishi mumkin. Glivitse meri Katarjina Kuchinska-Budka aytishicha, dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, zarar 400 000 zlotiy – qariyb 93 000 yevroni tashkil etadi. Faqat asfalt emas, yo‘lning asosi ham buzilgan. Prokuratura ta’kidlashicha, ko‘cha ta’mirini aholi ko‘p yildan beri kutgan va endi qayta tiklash xarajatini aholi ko‘tarishiga to‘g‘ri keladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA