Angliya — Norvegiya chorak final o‘yini chiptalari 1 million dollarga qayta sotuvga chiqdi
Manbaning yozishicha, chiptalarni Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA)ning maxsus qayta sotuv platformasi orqali xarid qilish mumkin.
Jahon chempionatining chorak finalidan o‘rin olgan Angliya va Norvegiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv chiptalari astronomik narxlarda qayta sotilmoqda. Ayrim chiptalarning narxi 1 million dollarga yetgan. Bu haqda nufuzli Sky News telekanali xabar tarqatdi.
Manbaning yozishicha, chiptalarni Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA)ning maxsus qayta sotuv platformasi orqali xarid qilish mumkin. Dastlab sotuvga qo‘yilgan ikkita chiptaning asl narxi 1285 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda ularning qiymati 1 million dollarga baholanmoqda. Shu bilan birga, platformada xuddi shu toifadagi nisbatan arzonroq bo‘lgan chiptalarni 5000 dollarga ham topish imkoniyati mavjud.
Yarim final yo‘llanmasi uchun kechadigan Angliya va Norvegiya terma jamoalari o‘rtasidagi chorak final to‘qnashuvi bugun tunda AQShning Mayami shahridagi «Xard Rok» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 12-iyulga o‘tar kechasi soat 02:00 da start oladi.