Andijonlik yoshlarning startap loyihalari uchun 2 milliard ajratildi
Loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish uchun 2 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgan.
“Yoshlar Kelajagimiz” jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda yangi biznes va startaplarni qoʻllab-quvvatlovchi “Unicorns” nomli loyihani ommaga taqdim etmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi Oʻzbekistondagi tadbirkorlik va startaplarni rivojlantirish, hamda yurtimizdagi ilk yakkashoh-startaplarni, yaʼni, 5 yil ichida 1 mlrd dollar yoki undan ziyod qiymatga erisha oladigan startaplarni yaratishdir.
Loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish uchun 2 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgan. Loyiha joriy yilning iyun oyida start olishi rejalashtirilgan. Asosiy ishchi hudud sifatida Andijon viloyati tanlandi.
“Davlatimiz rahbarining Andijonga tashrifi davomida bergan koʻrsatmasi, yaʼni yoshlarning startap loyihalari uchun jamgʻarmamiz tomonidan 2 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bugun mazkur loyihaga start berdik.
Bugun Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida Andijon Digital city bilan Yoshlar Ittifoqi oʻrtasida kelishuv imzolandi.
Zero, kelajakni yoshlar quradi. Biz esa ularga poydevor yaratib berishga masʼulmiz.
Unutmang, har qanday gʻoya kelgusida milliardlab daromad keltirishi mumkin”, deydi “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori Xayrulla Sattarov.
Xususan, bugun, 11-iyun kuni Andijonda yoshlar oʻrtasida tadbirkorlik muhitini, startaplar ekosistemasini rivojlantirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda viloyatdagi ijtimoiy muammolarni hal etishda innovatsion vositalar va yechimlarni ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan Andijon viloyat Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
“Loyiha haqida batafsil maʼlumot olish uchun, tashkilotchilar bilan quyidagi elektron pochta manzili orqali bogʻlanishingizni soʻraymiz: contact@unicorns.uz”, deyiladi xabarda.