Andijonda yangi tovar brendlari yaratiladi
Andijon davlat texnika institutida “Andijonning 100 ta yangi brendi” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan seminarda Adliya vazirining o‘rinbosari Muzaffar Ikromov, Andijon viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Akmaljon To‘lanov, tadbirkorlik sub’ektlari, soha ekspertlari va manfaatdor idoralar vakillari ishtirok etdi.
– Seminar-treningni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, hududdagi tadbirkorlarning intellektual mulk sohasidagi bilimini oshirish, tovar belgisiga egalik qilishning biznes uchun ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan. Qolaversa, ularga bu borada talabnoma topshirishlariga amaliy ko‘mak berish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat. Ta’kidlash kerakki, mazkur yo‘nalishda Andijonda amalga oshirilayotgan loyiha o‘z brendiga ega yoki uni yaratish va ro‘yxatdan o‘tkazish istagida bo‘lgan kamida 100 nafar tadbirkorni qamrab olishi ko‘zda tutilgan, – deydi Adliya vazirining o‘rinbosari Muzaffar Ikromov.


Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda respublika bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlarining 6 ming 40 ta tovar belgisi davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Ularning 133 tasi yoki 2,2 foizi Andijon viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tadbirda ushbu ko‘rsatkichni oshirish, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligi va huquqiy himoyasini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Seminar davomida tadbirkorlarning tovar belgilarini yaratish, ro‘yxatdan o‘tkazish va huquqiy muhofaza qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, mutaxassislarning “Tovar belgisi – raqobat ustunligi”, “Brend identifikatsiyasi va dizayn”, “Tovar belgisini milliy va xalqaro tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish”, “Muvaffaqiyatli brend yaratish tajribalari hamda tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.


Amaliy mashg‘ulotlar doirasida ishtirokchilar tayyorlagan logotiplar ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Shuningdek, talabnomani to‘g‘ri rasmiylashtirish, hujjatlardagi ehtimoliy kamchiliklarni oldindan bartaraf etish va elektron tarzda topshirish bo‘yicha tavsiya va maslahatlar berildi.
Mutaxassislar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish va yuqori darajaga ko‘tarish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Tadbirkorlar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.

Seminar-trening doirasida tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri