Andijonda IT sohasida 17 million 905 ming AQSH dollariga teng xizmatlar eksport qilindi
Mamlakatimizda IT sohasini rivojlantirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan O‘zbekistonda “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi asosida Andijon viloyatida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, IT ta’limini, axborot texnologiyalari sohasida turli soha mutaxassislarining bilim va malakasini oshirish, yoshlarni kasbga tayyorlash va yo‘naltirish tizimini rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar ham samarali amalga oshirilmoqda.
– Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali amalga oshirishga jamoamiz munosib hissa qo‘shmoqda, – deydi IT Park Uzbekistan Andijon filiali rahbari Saidakbar Ikromov. – Jumladan, rezidentlar, startaplar bilan ishlash, ayniqsa, IT sohasiga o‘qitish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Bu albatta, viloyatda sohani yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga, ijobiy natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[photobank-31378]
Ayni kunda viloyatda 120 ta IT park rezidenti, ya’ni IT yo‘nalishida ish olib borayotgan xo‘jalik sub’ektlari mavjud bo‘lib, asosan, raqamli ta’lim, masofaviy xizmatlar autsorsingi, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda texnik qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida 1 ming 660 nafar xodim faoliyat olib boradi. Rezident korxonalarning 50 tasi eksportyor korxona hisoblanadi. Shundan xorijiy kapital ishtirokidagi rezidentlar 16 tani tashkil etadi.
Joriy yilning birinchi yarmida ana shu korxonalar tomonidan dasturlash va masofadan turib ko‘rsatilgan xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha e’tiborga molik ishlar bajarildi. Jumladan, 17 million 905 ming AQSH dollari miqdoridagi IT xizmatlari eksport qilindi, jami xizmatlar hajmi esa 245 milliard so‘mni tashkil etdi.
IT Park Uzbekistan Andijon filialida 2025-yilda 46 ta startap mavjud bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil, bugungi kunga kelib ularning soni 70 tani tashkil etadi. Startaplar tomonidan 2025-yilda 2 million 400 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatdagi Startaplar tomonidan umumiy qiymati 11 million 325 ming AQSH dollari miqdoridagi investitsiya jalb etildi. Bu, albatta, sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunga qadar Andijon viloyatida 15 ta korxona Zero Risk dasturiga qabul qilingan. Ushbu korxonalarda jami 611 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Dastur ishtirokchilari tomonidan 12,78 million AQSH dollari miqdorida IT xizmatlari eksport qilindi. Misol uchun, 2025-yilda dasturga qabul qilingan "ERSHI LOGISTICS" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3,48 million AQSH dollari miqdorida IT xizmatlari eksporti amalga oshirildi. Korxonada 106 nafar xodim ish olib boradi.
Shuningdek, viloyatda raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan O‘zbekistonda “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar e’tiborga molik. Loyiha doirasida mamlakatimizda 2030-yilga qadar jami 5 million nafar maktab o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchi hamda davlat xizmatchilarini o‘qitish ko‘zda tutilgan.
Amalga oshirilayotgan “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida “aileaders.uz” platformasi orqali aholi va yoshlarning sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida bepul onlayn o‘quv kurslariga jalb etish, raqamli savodxonlik darajasini oshirish, sun’iy intellekt sohasida mustaqil bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega qilish, ularni zamonaviy va yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish hamda O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha raqobatbardosh kadrlar salohiyatini shakllantirish maqsad qilingan.
Har yili loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazib borilishi ham belgilangan.
Joriy yilning may oyida loyihasi doirasida yuqori natijalarga erishgan andijonlik 96 nafar ishtirokchi “Milliy tanlov” g‘olibi sifatida munosib rag‘batlantirildi.
Viloyatda mazkur loyiha doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi Andijon viloyati hududiy sho‘’basi tomonidan tuman, shahar hokimliklari, oliy va professional ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda hududlarda loyihaning ahamiyati, uning maqsad va vazifalari yuzasidan targ‘ibot uchrashuvlari va taqdimotlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
2026-yilning 2-choragi yakuniga ko‘ra, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga Andijon viloyatidan jami 374 ming nafar foydalanuvchi qamrab olindi, shundan “aileaders.uz” platformasi orqali “AISTUDY” kurslarida 310 ming nafar va “COURSERA” kurslarida 64 ming nafar maktab o‘quvchisi, shuningdek, talaba, o‘qituvchi hamda davlat xizmatchilari sun’iy intellekt kurslarida tahsil oldi.
– Men “Front End” yo‘nalishidagi kursda tahsil olib, veb-sayt yaratish bo‘yicha bilim olyapman, – deydi Andijon shahrida yashovchi Nurshoda Ahmedova. – Nazariy va amaliy bilimlarni puxta egallab, kelgusida IT sohasining malakali mutaxassisi bo‘lishni maqsad qilganman.
Davlat xizmatchilari, tashkilot, muassasalarning rahbar va xodimlarini sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qitish bo‘yicha ham qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, viloyatdagi 16 ta tuman, shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, tashkilot va muassasalarning 5 ming 148 nafar rahbar va xodimlari sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qib, bilim va malakalarini oshirdi.
Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Markaziy bank hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida viloyatdagi banklarning 75 nafar rahbar va o‘rinbosarlari sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha kurslarda tahsil oldi.
O‘quv kurslarida Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga bank sohasida sun’iy intellektning zamonaviy imkoniyatlari, ma’lumotlarni tahlil qilish, qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirish hamda xizmatlar sifatini oshirishda ularni qo‘llash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berildi.
“Raqamlashtirish orqali farovonlik sari dasturi” asosida ijtimoiy reyestrga kiritilgan yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha bepul kurslar tashkil etildi. Joriy yilda 4 ming 310 nafar reyestriga kiritilgan yoshlar itstudy.uz platformasi orqali onlayn kurslarda o‘qitildi.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda, qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu, albatta, o‘zining ijobiy samaralarini beradi. Kelgusida IT xizmatlari eksporti, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va dasturiy xizmatlar ko‘rsatish hajmi, shu bilan birga, yuqori intellektual salohiyatga ega mazkur sohada band aholi soni ham yanada ortadi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari