Bolajonlar kamoloti sari
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, yangi muassasalar barpo etish va mavjudlarini zamonaviy talablar asosida jihozlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu boradagi ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida ham izchil davom etmoqda. Ayni paytda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufida 39 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 19 tasi davlat, 15 tasi oilaviy va 5 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi muassasalardir.
Bugungi kunda tuman bo‘yicha 4 ming 78 nafar bola maktabgacha ta’limga qamrab olingan bo‘lib, qamrov darajasi 76,9 foizni tashkil etadi. Mazkur ko‘rsatkichni yanada oshirish, bolalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida hududda amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2021-yil 18-sentabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Taxiatosh tumanida qator yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolari barpo etilmoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida tumandagi “Keneges”, “Yangi makon” ovul fuqarolar yig‘inlari hamda “Nurli kelajak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida uchta yangi maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi aholi uchun munosib tuhfa bo‘ldi.
“Nurli kelajak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan 21-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-montaj ishlari “Nukus Erkin qurilish” MCHJ tomonidan amalga oshirildi. Loyiha doirasida 4,6 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirilib, bunyodkorlik ishlari bajarildi.
[gallery-31456]
Yangi muassasaning foydalanishga topshirilishi hududda istiqomat qiluvchi ota-onalar uchun qulaylik yaratdi. Bu yerda bolalarning zamonaviy talablar asosida ta’lim-tarbiya olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Taxiatosh tumanida barpo etilayotgan yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari bolalarni maktabga tayyorlash, ularning ta’lim olishi uchun qulay muhit yaratish va maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA