Andarxon qovunlaridan bir tatib ko‘ring
Yurtimizdagi har bir hudud o‘z dehqonchilik an’analari, o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Misol uchun, Oltiariq bodring va uzumlari, Rishton qandak o‘rigi, Quva anori bilan mashhur. Beshariq tumanining Andarxon qishlog‘i esa kuz-qish oylarida qovun saqlash an’anasi bilan e’tiborga tushgan.
Farg‘ona viloyatining eng chekka Tojikiston bilan chegaradosh qishlog‘iga kiraverishdayoq bunga amin bo‘lasiz. Ataylabmi yoki beixtiyor qishloq nomi yozilgan yo‘l belgisi yonginasiga qator qilib qovunlarni ilib qo‘yishgan.
Ayni kunlarda andarxonliklarning qo‘li qo‘liga tegmaydi: kechki qovunlarga maxsus moslama – qovg‘adan to‘r to‘qib, osib saqlashga tayyorlash ishlari avjida.
Mirishkor dehqon Shodiboy Jumaboyev xonadoniga kirib borganimizda barcha oila a’zolarini ish ustida uchratdik. Hovli sahnini to‘ldirgan turli navdagi qovunlarning yoqimli ifori, kelin-qizlarning mohirona harakat qilib, qovunni qovg‘aga solishi, maxsus omborxonalar shiftiga qadar xodalarga osib qo‘yilgan minglab qovunlar...
– Qirq yildan buyon qovun-tarvuz ekaman. Qishlog‘imiz odamlari erta bahordan kuzga qadar dehqonchilik qilish uchun Jizzax yoki Sirdaryoga jo‘nab ketishadi. Bu yil o‘zimiz o‘n gektar yerga dehqonchilik qildik, – deydi Shodiboy aka. – Ertaki navlarni yoz bo‘yi sotib tugatdik. Kechki qovunlarni yig‘ishtirib, uyga olib kelamiz va shunday usulda qish uchun saqlaymiz. Bu yil 15 mashina – 30 ming donadan ortiq qovunni qish uchun g‘amladik. Qishning sovuq-issiq kelishiga qarab, mart-aprel, hatto may oyigacha yetkazamiz.
[gallery-20076]
Uning aytishicha, mahalliy dehqonlar tomonidan “Gulobi”, “Bedana to‘r”, “Umrboqi”, “Kampir chanoq”, “Tulki tumshuq” deb nomlangan qovun navlari shirin ta’mi va uzoq vaqt saqlashga qulayligi bilan ajralib turadi. Yanagi yil uchun urug‘larni ham o‘zlari yetishtirib, saralab olishadi. “Hammasi mehnatga bog‘liq. Qovunchilik orqasidan to‘ylar qilyapmiz, imoratlar solyapmiz, mashina oldik”, – deydi u.
Yoz ichi dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan qishloq odamlari kuz-qishda ham tinim bilmaydi. Qovunni qovg‘aga boylab ilish, saqlanayotgan hosilni tinimsiz nazorat qilish, xaridorlarga yetkazib berish, bozorlarga olib chiqib sotishning o‘zi bo‘lmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, qishloqda bekorchi odamni uchratish mushkul.
– Qishlog‘imizda 903 ta xonadon bor. 500 dan ortig‘i shu ish bilan shug‘ullanadi. Har bir oila 150 tonna atrofida qovun yetishtirib, qish uchun saqlaydi. Bu mahallamizdan yiliga kamida 75 ming tonna qovun eksport qilinadi degani. Tojikiston va Qirg‘izistondan, bu yog‘i Andijon-u Namangandan kelib olib ketishadi. Buning daromadi ham yaxshi, har bir oila mavsumda 200-250 million so‘mlik qovun sotadi, – deydi “Andarxon” MFY raisi Saydali Boboqulov.
Xonadon bekasi Malikaxon aya tilyorar qovunni kesib, oldimizga qo‘yadi. “O‘zim qo‘shni qishloqdan kelin bo‘lib tushganman. Shu oilaga kelib qovunchilikni o‘rgandim. Har kuni ertalab qovunxonalarni aylanib chiqaman, “gul urgan”, zaxa yegan, chirishni boshlaganlarini ajratib olaman. Agar bir-biriga tegsa, yonidagini ham chiritadi, shuning uchun ham alohida-alohida qilib ilinadi-da”, deydi u.
Qishloq ayollari qishda ishsiz qolmaydi, bir juft qovunni qovg‘aga boylashga ming so‘m haq to‘lanadi. Bir kishi kun davomida 500-600 ta qovunni qo‘ldan o‘tkazadi. Bir yog‘i hangomalashib, lapar-qo‘shiqlar aytib, vaqtni chog‘ o‘tkazishadi. Kayvonilarning aytishicha, andarxonliklar ming yillardan buyon qovunchilik bilan shug‘ullanadi. “Bir meva bor – ham o‘zim yeyman, ham mol-qo‘yim, ham tovuqlarim to‘yadi” degan topishmoq shu yerliklar tilidan aytilgan bo‘lsa, ne ajab.
M.Sulaymonov, O‘zA