Anchelotti: “Neymar 90 daqiqa o‘ynashga tayyor”
Neymar terma jamoa uchun juda muhim futbolchi.
Karlo Anchelotti Neymarning JCH–2026da asosiy tarkibda maydonga tushishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
"Ha, u 90 daqiqa o‘ynay oladi. Zaxirada qolishga ko‘ngli to‘lmaydi, ammo shunga qaramay o‘zini juda professional tutadi. Neymar mashg‘ulotlarda a’lo darajada ishlayapti.
U jamoada katta hurmatga ega, qadrlanadi va hamma uni yaxshi ko‘radi. Neymar terma jamoa uchun juda muhim futbolchi. U yuksak mahoratga ega va shu bilan birga juda kamtar inson. Men undan juda mamnunman. Albatta, u har doimgidek maydonga tushishni istaydi", — dedi Anchelotti.
34 yoshli hujumchi JCH–2026 guruh bosqichining ikki uchrashuvini jarohati sabab o‘tkazib yuborgan. Keyinchalik u Shotlandiya milliy terma jamoasiga qarshi 3:0 hisobida yakunlangan bahsda zaxiradan maydonga tushgan.
Shuningdek, 1/16 finalda Yaponiya milliy terma jamoasiga qarshi 2:1 hisobidagi g‘alabali o‘yinda Neymar zaxirada qolib, maydonga tushmadi.
Braziliya milliy terma jamoasi JCH–2026 1/8 finalida 5-iyul kuni Norvegiya milliy terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.