Anadolu: Saudiya Yamanning 4 muzofotiga zarba berdi
Saudiya Arabistoni harbiy-havo kuchlari payshanba kuni Yamanning 4 hududiga jami 40-marta havodan zarba bergan. Bu haqda xusiylar nazoratidagi “Saba” axborot agentligi xabar qilgan.
Xavfsizlik xizmatidagi manbaga tayanib berilgan ma’lumotga ko‘ra, Saudiya samolyotlari Al-Javf mintaqasi Al-Hazm va Al-G‘ayl tumanlariga 10-marta, Marib muzofoti Al-Juba tumaniga 3 bor hamda Toiz hududidagi Mavza, Maqbana, Mocha chorrahasi va boshqa joylarga 18 zarba yo‘llagan.
Bundan tashqari, mamlakat g‘arbidagi Al-Hudayda provinsiyasi Al-Salif va Al-Tuhayta tumanlari hamda Kamaron oroli nishonga olinib, 9-marta hujum qilingan.
Xabarda ushbu harakat oqibatida ko‘rilgan talafot yoki qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan. Saudiya tomoni hozircha ushbu voqeaga nisbatan biror munosabat bildirmadi.
Yamandagi qurolli mojaro 2014-yil sentabr oyida xusiylar poytaxt Sano va qator viloyatlarni egallab olgandan beri davom etmoqda. Ayni holat 2015-yil martda Saudiya boshchiligidagi arab koalitsiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Yaman hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun harbiy harakatga aralashuviga sabab bo‘lgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA