Amir Temur va uning merosi
Navoiy davlat universitetida “Amir Temur va uning merosi” nomli ikki jilddan iborat, 1000 sahifalik kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Kitob Turkiya Respublikasi ilmiy jamoatchiligi tomonidan nashr etilgan bo‘lib, unda Amir Temurning davlatchilik faoliyati va jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni keng yoritilgan.

Amir Temur buyuk davlat arbobi, qudratli sarkarda hamda ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi sifatida insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning adolatga asoslangan davlatchilik g‘oyalari, kuchli boshqaruv tizimi va ma’rifatparvarlik siyosati bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yurtimizda Amir Temurning boy ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish hamda yosh avlod ongiga singdirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda universitet rektori, professor Muhiddin Kalonov, kitob mualliflaridan biri, turkiyalik taniqli olim, Navoiy davlat universiteti faxriy professori Kamal Yavuz Ataman so‘zga chiqib, Sohibqiron Amir Temurning faoliyati, uning sarkardalik strategiyasi va jahon tarixidagi o‘rni, shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda va xorijda Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini ta’kidladilar.

Mazkur kitobdan o‘zbekistonlik va turkiyalik 37 nafar olimning 33 ta ilmiy va ma’rifiy maqolasi o‘rin olgan. Ilmiy maqolalarda Amir Temurning davlatchilik, tashqi va ichki siyosat, bunyodkorlik, qurilish, madaniyat, san’at va adabiyot, shuningdek, harbiy sohadagi faoliyati atroflicha yoritilgan.
Ayni paytda kitobning ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi nashrini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri