Aliment qarzi evaziga avtomobil rasmiylashtirildi
Aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish farzandlar manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Biroq ayrim hollarda qarzdorlarning o‘z majburiyatlarini bajarmasligi oqibatida aliment qarzdorligi yillar davomida to‘planib boradi. Bunday holatlarda Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorlikni undirish va undiruvchilarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ijro harakatlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Farg‘ona viloyatida aliment qarzdorligini bartaraf etish bo‘yicha olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzni qoplashning o‘ziga xos yechimi qo‘llanildi.
Ma’lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 2023-yil 18-martdagi sud buyrug‘iga asosan, qarzdor A.O.ning daromadidan undiruvchi M.O. foydasiga 1/2 qism miqdorida aliment undirish belgilangan.
Biroq qarzdor o‘z majburiyatlarini bajarmagani oqibatida to‘plangan aliment qarzi 83 million 700 ming so‘mdan ortiqqa yetgan.
Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida mazkur qarzdorlikni qoplash chorasi ko‘rildi. Natijada qarzdorga tegishli bo‘lgan Cobalt rusumli avtomobil undiruvchi M.O. nomiga rasmiylashtirib berildi.
Shu tariqa, aliment bo‘yicha to‘plangan qarzdorlikni bartaraf etish orqali undiruvchining qonuniy manfaatlarini ta’minlashga erishildi.
Hamroz Bayonov,O‘zA