Aleksandra Barmicheva Turkiyada chempion bo‘ldi
Turkiyaning Istanbul shahrida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan J200 tasnifiga kiruvchi musobaqada hamyurtimiz Aleksandra Barmicheva muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Umidli tennischimiz musobaqa davomida bir qator kuchli raqiblarini mag‘lub etdi. Jumladan, chorak finalda turnirning birinchi raqamli saralangan tennischisi, mezbonlar vakili Ayshe Balni 3:6, 6:3, 6:4 hisobida mag‘lub etgan Barmicheva yarim finalda irlandiyalik Laura Karvalyuni 6:3, 6:3 hisobida taslim etdi. Finalda esa rossiyalik Mariya Shmeleva ustidan 6:4, 6:4 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, Aleksandra Barmicheva «Dr. Cemil Tasçıoğlu Cup» xalqaro turnirining yakkalik bahslarida chempion bo‘ldi. Ushbu g‘alaba orqali tennischimiz 200 reyting ochkosiga ega bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA