Albaniya Prezidenti Bayram Begay ajdodlarimiz xotirasiga hurmat ko‘rsatdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Albaniya Prezidenti Bayram Begay rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Oliy martabali mehmon rafiqasi hamrohligida 16-iyun kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Ulug‘ ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li va ezgu xizmatlari bugungi kunda ham yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz ma’naviy yuksalishida muhim omil sifatida yuksak qadrlanib kelmoqda. Ularning boy tarixiy merosi milliy o‘zlikni anglash va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-29968]
Bugun dunyo hamjamiyati ulug‘ va ezgu maqsadlar yo‘lida amalga oshirgan ibratli ishlari bilan yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan ajdodlarimiz xotirasiga yuksak ehtirom bilan munosabat bildirmoqda.
Mamlakatimizning o‘tmishi va kelajagi o‘rtasidagi uzviylikni ifodalovchi Mustaqillik monumenti yurtimizda yuksak ma’naviyat va ezgu qadriyatlar qaror topganidan dalolat berib, Vatanimizning tarixiy ildizlari va taraqqiyot salohiyatini yaqqol namoyon etadi.
Albaniya Prezidenti Bayram Begay Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yar ekan, Vatan ozodligi va xalq farovonligining yorqin ifodasi sifatida qad rostlagan ushbu muazzam majmua qarshisida ramziy bosh egib, ehtirom ko‘rsatdi.
Yurtimiz tarixi, dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan bobolarimiz ma’rifati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov va boshqa rasmiylar hamrohlik qildi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Sarvar O‘RMONOV (surat),
O‘zA