O‘zbekiston va Germaniya ko‘p qirrali hamkorlikning mutlaqo yangi modelini yaratmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer 17-iyun kuni rafiqasi hamrohligida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi jadal o‘zgarib boryapti. Davlatlarning o‘zaro bog‘liqligi esa tobora ortib bormoqda. Bunday sharoitda O‘zbekistonning tashqi siyosiy strategiyasi o‘zining ochiqligi, izchilligi va pragmatik xususiyati bilan katta natijalarga erishmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz nafaqat yaqin qo‘shnilar, balki dunyoning yetakchi taraqqiyot markazlari bilan ham o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatmoqda. Mana shunday ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan va yuqori texnologik sheriklardan biri Germaniya Federativ Respublikasidir.
Keyingi yillarda Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlaridan biri sanalgan bu mamlakat bilan aloqalarimiz butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik o‘zining rivojlanish tarixiga ega. Bu davlat mamlakatimiz mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan va diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. O‘tgan davr mobaynida siyosiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab oluvchi mustahkam institutsional poydevor shakllantirildi.
Ayniqsa, keyingi yillarda oliy darajadagi muntazam va izchil muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarga butunlay yangi sur’at bag‘ishladi.
O‘zbekiston va Germaniya iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi, ya’ni sinergetik xususiyatga ega. Mamlakatimiz o‘z eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mahsulotlarni Yevropa bozorlariga olib chiqish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga intilayotgan bir paytda, Germaniya o‘zining ilg‘or texnologiyalari, innovatsion ishlanmalari va yuqori sifatli uskunalari bilan eng maqbul sherik hisoblanadi.
Bugungi kunda yurtimizda Germaniya sarmoyasi va kapitali ishtirokida ko‘plab zamonaviy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Germaniya kompaniyalari o‘zbek bozoriga nafaqat mablag‘, balki yangicha korporativ boshqaruv madaniyati va yuqori texnologiyalarni olib kirmoqda. Bu esa ichki bozorda raqobatdosh mahsulotlar turini ko‘paytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish imkonini beryapti.
Munosabatlar faqatgina raqamlar, zavodlar yoki savdo aylanmasi bilan cheklanib qolmaydi. Bu hamkorlikning markazida, birinchi navbatda, inson omili va xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar rishtalar turadi. Ta’lim va fan sohasi ikki tomonlama aloqalarning eng faol va jonli yo‘nalishiga aylangan.
Oliy martabali mehmon dastlab “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yib, xalqimizning ozod va farovon hayot yo‘lidagi ezgu intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu muazzam majmuaga yuksak ehtirom ko‘rsatdi.
Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.

O‘zbekiston va Germaniya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-birlariga tanishtirdilar.
Marosim yakunida birgalikda suratga tushildi, so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalar va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishning asosiy masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Prezidenti Germaniya Prezidentining o‘z mamlakati va Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini izchil rivojlantirishga hamda o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikni ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida e’tirof etdi.
Ikki tomonlama muloqot jadal tus olib, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar yuksak darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo-investitsiya sohasidagi hamkorlikda barqaror ijobiy sur’at kuzatilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,4 milliard dollardan ortib, joriy yilning o‘tgan davrida yana 5 foizga ko‘paydi. Germaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 2025-yilda 2 milliard dollarga yetdi.
May oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Germaniya iqtisodiyoti kunlari hamda Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi o‘ninchi yig‘ilishining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tadbirlar yakunida 1 milliard dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari to‘plami imzolandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar izchil mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 400 mingdan ziyod yoshlar nemis tilini o‘rganmoqda, 2 mingdan ortiq talabalar Germaniyaning yetakchi universitetlarida tahsil olmoqda. O‘tgan yili ilk bor ikki mamlakat universitetlarining forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan hafta nemis universitetlari konsorsiumi bilan Samarqandda O‘zbekiston – Germaniya amaliy fanlar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolangani ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Davlat rahbarlari sanoat, energetika va “yashil” iqtisodiyot, transport va logistika, tog‘-kon, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini qayd etdilar.
Yetakchilar avtomobilsozlik, maishiy kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida yangi qo‘shma loyiha hamda dasturlar ishga tushirilayotganini olqishladilar. Toshkentda ikkinchi Universitetlar forumi hamda uchinchi O‘zbekiston – Germaniya tibbiyot forumining o‘tkazilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, ko‘p tomonlama maydonlarda, shu jumladan, “Markaziy Osiyo – Germaniya” formati doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Germaniya Federal Prezidentining ushbu tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab berishi hamda munosabatlarning barcha jabhalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini tasdiqladilar.
Shuningdek, davlat rahbarlari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirayotgan va yangilarini boshlashni rejalashtirayotgan Germaniyaning yetakchi kompaniyalari vakillarini samimiy qutladilar.
Ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni bajarish uchun grant mablag‘lari ajratish va imtiyozli moliyalashtirishni nazarda tutuvchi moliyaviy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar imzolandi.
Ikki mamlakat yetakchilari huzurida bir qator qo‘shma investitsiya va ta’lim loyihalariga start berildi. Toshkent shahrida “Volkswagen” avtomobillarini yirik uzelli yig‘ishni tashkil etish, Andijon viloyatida logistika markazini barpo etish, suyuq maishiy yuvish vositalarini ishlab chiqarish, temir yo‘l sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy imtihon markazlarini ochish kabi loyihalar shular jumlasidan.
Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston – Germaniya muzokaralari yakunida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Frank-Valter Shtaynmayyer daraxt ekish marosimida ishtirok etdilar.

Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyobonida ekilgan daraxt O‘zbekiston va Germaniya xalqlari o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan do‘stlik, ishonch va o‘zaro anglashuv rishtalarining ramziga aylanib, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqich boshlanganining timsoli bo‘ladi.
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari