Al-Xorazmiydan Teslagacha: o‘zbek-serb munosabatlaridagi yangi dinamika va ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollari
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Serbiya munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Uzoq vaqt epizodik xarakter kasb etgan aloqalar ayniqsa, 2025–2026-yillarda izchil siyosiy muloqot, mustahkam shartnomaviy baza va amaliy hamkorlik loyihalari bilan to‘ldi.
2025-yil 28-31-oktabr kunlari Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning yurtimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi ilk oliy darajadagi sammit sifatida muhim voqea bo‘ldi. Tashrif yakunida Qo‘shma deklaratsiya va iqtisodiyot, investitsiya, ta’lim, fan, madaniyat, turizm, tibbiyot, mehnat migratsiyasi, ilg‘or texnologiyalar va sport kabi sohalarni qamrab olgan hujjatlar to‘plami imzolandi.
E’tiborlisi, joriy yilda ham siyosiy muloqot yuqori sur’atda davom etmoqda. Tashqi ishlar vazirlari darajasida muzokaralar o‘tkazildi, Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Jurich Toshkentga tashrif buyurdi, davlat rahbarlari Boku va boshqa xalqaro maydonlarda uchrashdi. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar ham faollashib, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasining Belgradga tashrifi va parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi muhim qadam bo‘ldi.

O‘zA muxbiri “Dunyoga nazar” rukni doirasida davlatimiz rahbarining Serbiyaga rasmiy tashrifi ahamiyati, O‘zbekiston va Serbiya munosabatlari, hamkorlikning hozirgi bosqichi va istiqbollari xususida siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayevning fikrlarini yozib oldi.
Siyosiy muloqot: ishonch va strategik yaqinlashuv
– Bugun ikki davlat o‘rtasida ko‘p darajali siyosiy muloqot tizimi shakllangan, -deydi TDSHU professori S.Jo‘rayev. – Prezidentlar, tashqi siyosiy idoralar va parlamentlar darajasidagi muntazam aloqalar munosabatlarning institutsional asosini mustahkamlamoqda. 2025-yilda elchilarning o‘zaro akkreditatsiya qilinishi ham diplomatik munosabatlardagi muhim bo‘shliqni to‘ldirdi.
Tomonlarni yaqinlashtiruvchi muhim omillardan biri – suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ko‘p vektorli va muvozanatli tashqi siyosat yuritishga bo‘lgan yondashuvlarning yaqinligidir. Ayni paytda Serbiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyoga chiqish uchun muhim hamkor sifatida ko‘rsa, O‘zbekiston Serbiyani Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytiruvchi sherik sifatida baholaydi.
Munosabatlarning keyingi bosqichi strategik sheriklikni institutsional jihatdan rasmiylashtirish, muntazam sammitlar amaliyotini yo‘lga qo‘yish, Hukumatlararo komissiya faoliyatini boshlash hamda Toshkent va Belgradda diplomatik ishtirokni kuchaytirishni taqozo etadi.
Strategik sheriklikning iqtisodiy qirralari
2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi qariyb 12 million dollarni tashkil etgan. O‘zbekistonda serb kapitali ishtirokidagi to‘qqizta korxona faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda savdo hajmining o‘sib borishi iqtisodiy aloqalar uchun katta imkoniyat mavjudligini ko‘rsatmoqda.
2025-2026-yillarda iqtisodiy sheriklikning huquqiy va institutsional poydevori yaratildi. Iqtisodiy hamkorlik hamda investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlar kuchga kirdi. Biznes-forumlar va B2B uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘shma Ishbilarmonlar kengashi hamda ikki o‘lkada savdo uylarini tashkil etish masalalari ilgari surildi.
Kelgusi bosqichda preferensial savdo rejimi va erkin savdo bitimi masalasi muhim o‘rin tutadi. Mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo, yengil sanoat, agrosanoat, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish va turizm sohalarida qo‘shma loyihalar uchun salohiyat yuqori. Serbiyaning Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari O‘zbekistonning ishlab chiqarish salohiyati bilan uyg‘unlashtirilsa, ikki mamlakat o‘rtasida “qo‘shma ishlab chiqarish – uchinchi bozorlarga chiqish” modeli shakllanishi mumkin.
Transport-logistika masalasi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Toshkent – Belgrad to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovini yo‘lga qo‘yish, temir yo‘l tashuvlarini rivojlantirish va Transkaspiy yo‘lagi bilan bog‘liq yangi logistika yo‘nalishlarini ishlab chiqish savdo, turizm va gumanitar aloqalarni sezilarli ravishda jadallashtirishi mumkin.
Mehnat migratsiyasi: yangi imkoniyatlar
Mehnat migratsiyasi ikki davlat manfaatlari kesishadigan yana bir muhim yo‘nalishdir. Serbiyada ishchi kuchiga ehtiyoj ortib borayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston uchun fuqarolarni xorijda qonuniy va himoyalangan tarzda ishga joylashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
2025-yilda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan. Keyingi bosqichda malakalarni tan olish, ijtimoiy kafolatlar va mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha to‘laqonli hukumatlararo bitim qabul qilinishi mumkin. O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirish ham mehnat va ishbilarmonlik mobilligini oshirishga xizmat qiladi.
Madaniyat, ta’lim va fan – uzoq muddatli poydevor
Madaniy-gumanitar aloqalar ham yangi mazmun kasb etmoqda. 2025-yilda ta’lim, fan va madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda Toshkent va Belgrad o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi hujjat imzolandi. Joriy yilda madaniyat vazirliklari o‘rtasida muloqotlar, Belgradda uchrashuvlar va qo‘shma kinoloyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslar amalga oshirildi.
“Al-Xorazmiydan Teslagacha” g‘oyasi asosidagi qo‘shma kinoloyiha ikki xalqning ilmiy-madaniy merosini zamonaviy kontent orqali keng targ‘ib etish uchun o‘ziga xos imkoniyat yaratadi. Shuningdek, madaniyat kunlarini muntazam o‘tkazish, adabiy tarjimalar, muzeylar va restavratsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish istiqbolli yo‘nalishlardir.
Ta’lim va ilmiy hamkorlikda ham amaliy loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘zbekiston va Serbiya universitetlari o‘rtasida qo‘shma tadqiqotlar, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari kengaymoqda. Qishloq xo‘jaligi, muhandislik, tibbiyot, raqamli texnologiyalar va ekologik tadqiqotlar ustuvor sohalar sifatida namoyon bo‘layotir.
Belgrad ham O‘zbekiston bilan munosabatlarni Markaziy Osiyoga chiqishning muhim yo‘nalishi sifatida baholamoqda. Serbiya uchun O‘zbekiston bozori, investitsiya imkoniyatlari, ishchi kuchi, qishloq xo‘jaligi, AKT, farmatsevtika va ta’lim sohalaridagi hamkorlik qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbekistonning Belgradda o‘tkaziladigan “EXPO-2027” ko‘rgazmasida faol ishtiroki ham munosabatlarning iqtisodiy va diplomatik ahamiyatini oshirishi mumkin.
Umuman olganda, O‘zbekiston – Serbiya munosabatlari bugun siyosiy ishonch, iqtisodiy manfaatdorlik va gumanitar yaqinlikka asoslangan yangi bosqichga kirmoqda. So‘nggi yillarda yaratilgan mustahkam huquqiy baza, faol siyosiy muloqot va amaliy tashabbuslar ikki respublika o‘rtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish uchun zarur poydevorni shakllantirdi. Shu ma’noda, Toshkent va Belgrad o‘rtasida shakllanayotgan yangi sheriklik munosabatlari uzoq muddatli strategik maqsadlarga yo‘naltirilgan, amaliy mazmun bilan boyib borayotgan va kelgusida yanada keng ko‘lam kasb etishi mumkin bo‘lgan istiqbolli hamkorlik namunasidir.
O‘.Alimov, O‘zA