O‘zbekiston va Serbiya munosabatlarida yangi bosqich: iqtisodiyot va investitsiyalarga e’tibor kuchaymoqda
Serbiyaning “Politika” nashri Toshkent va Belgrad o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib borayotganini qayd etdi. Nashrning yozishicha, siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, gumanitar hamkorlik, savdo-iqtisodiy munosabatlar tobora kengayib, ikki o‘lka o‘rtasidagi sheriklik ko‘p qirrali tus olmoqda.
Maqolada davlatimiz rahbarining Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning taklifiga binoan 7-8-sentabr kunlari ushbu mamlakatga amalga oshiradigan bo‘lajak rasmiy tashrifi ikki davlat munosabatlaridagi faollashuvning mantiqiy davomi sifatida baholangan.
Muallifning yozishicha, mazkur tashrif siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni ishga solish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlarning muhim xususiyatlaridan biri – tomonlarning o‘zaro hurmat, milliy manfaatlarni inobatga olish va xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilishga intilishi hisoblanadi. Ana shu tamoyillar ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Nashr ikki mamlakat diplomatik munosabatlarining tarixiga ham to‘xtalgan. Serbiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 31-dekabrda tan olgan, diplomatik munosabatlar esa 1995-yil 18-yanvarda o‘rnatilgan. Dastlab nisbatan cheklangan ko‘lamda bo‘lgan ikki tomonlama aloqalar ayniqsa, so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashgan.
Siyosiy muloqot yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida yuqori darajadagi siyosiy muloqotning jadallashuvi ikki davlat munosabatlaridagi eng muhim tendensiyalardan biriga aylangan. 2025-yil sentabr oyida SHHT doirasida Pekinda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasida qisqa muloqot bo‘lib o‘tgani, shundan so‘ng ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani maqolada ta’kidlangan.
Shu jarayonning muhim davomi sifatida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning 2025-yil 28–30-oktabr kunlari yurtimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi keltirilgan. Xabarga ko‘ra, mazkur tashrif siyosiy muloqotni mustahkamlash bilan bir qatorda, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochgan.
Tashrif doirasida Toshkent va Belgrad o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar faqat hukumatlararo daraja bilan cheklanib qolmasdan, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini ham kengaytirayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, maqolada ikki o‘lka tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi muntazam muloqot ham alohida qayd etilgan. Jumladan, 2021-yilda Toshkentda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilgan, 2022-yilda esa BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida tashqi ishlar vazirlari siyosiy maslahatlashuvlar va idoralararo hamkorlik to‘g‘risida protokol imzolagan.
Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik – yangi ustuvor yo‘nalish
Siyosiy sohada to‘plangan ishonch va muloqotni endi aniq iqtisodiy natijalarga aylantirish ikki davlat oldida turgan muhim vazifalardan biridir. E’tiborlisi, O‘zbekiston va Serbiya munosabatlarida savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar va gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjud.
Ayniqsa, so‘nggi yillardagi siyosiy faollik ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish uchun zarur siyosiy va institutsional asosni shakllantirmoqda. Endi asosiy vazifa mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro savdo hajmini oshirishdan iborat.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo bilan Janubi-Sharqiy Yevropa o‘rtasidagi iqtisodiy va diplomatik aloqalarni kengaytirish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi bosqich uchun mustahkam asos
Ekspertlar O‘zbekiston – Serbiya munosabatlarida 2025–2026-yillarda kuzatilgan faollikni yangi bosqichning boshlanishi sifatida baholaydi. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqotlar, tashqi ishlar vazirliklari darajasidagi muntazam uchrashuvlar, parlamentlararo aloqalarning kuchayishi hamda diplomatik vakolatxonalar faolligining ortishi ikki respublika o‘rtasida siyosiy ishonch mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Maqolada O‘zbekistonning Serbiyadagi birinchi elchisining tayinlangani ham ikki tomonlama munosabatlarning institutsional asoslari tobora mustahkamlanayotganining muhim belgisi sifatida qayd etilgan. Tomonlar o‘rtasida shakllangan siyosiy kapitalni iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalardagi amaliy natijalarga aylantirish endi asosiy vazifaga aylanmoqda. Umuman olganda, Prezidentimizning Serbiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida yangi imkoniyatlarni ochishi shubhasiz.
Abdug‘afur Mamatov,
O‘zA