“Al-Furqon”dan tuhfalar
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” islom merosi fondi tomonidan taqdim etilgan kitoblar taqdimoti oʻtkazildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” islom merosi fondi tomonidan taqdim etilgan kitoblar taqdimoti oʻtkazildi.
Islomshunos olimlar, xalqaro markazi hamda Hadis ilmi maktabi xodimlari, tinglovchilar ishtirok etgan tadbirda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻtgan qisqa davr mobaynida buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish va keng targʻib etish, xorijiy davlatlardagi nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi. Bu ishlar samarali oʻlaroq ayni paytda dunyoning 24 ta yetakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.
– Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” fondi bilan yoʻlga qoʻyilgan yaqin hamkorlik natijasida yaqinda mazkur fond tomonidan markazimizga dunyoning turli mamlakatlaridagi kutubxonalarda saqlanayotgan nodir qoʻlyozma asarlarning kataloglari va boshqa manbalardan iborat yuzga yaqin kitoblar toʻplami hadya etildi, – deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. – Bu kitoblar orasida arab, turk, fors tillaridagi noyob qoʻlyozmalar, katologlar borki, ular yordamida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning asarlari haqida maʼlumot olish, ularning qayerdagi saqlanayotganini bilish mumkin. Misol uchun, Burkina Faso, Kot-d´Ivuar singari Afrika davlatlari, shuningdek, Yevropaning bir qator mamlakatlarida nashr etilgan katologlar yordamida ushbu yurtlardagi kutubxona va qoʻlyozma fondlarda saqlanayotgan asarlar toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlamiz. Bu esa ulugʻ ajdodlarimizning maʼnaviy merosini oʻrganish va tadqiq etishga yordam beradi.
Taqdimot chogʻida markaz xodimlari tomonidan yaqinda Turkiyadan keltirilgan Imom Moturidiyning turk tiliga tarjima qilingan 18 jildlik “Taʼvilotul Qurʼon” asari haqida ham maʼlumot berildi. Bu asar Turkiyaning Marmara universiteti Ilohiyot fakulteti tomonidan markazga tuhfa qilingan.
Marosimda joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludiga 1150-yil toʻlishi va shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari haqida ham maʼlumot berildi. Xususan, 3-5-mart kunlari Samarqandda tashkil etilayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjumanning shoʻba majlislari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabida oʻtkazilishi, ushbu tadbirga tayyorgarlik haqida soʻz yuritildi.