“AKADEMNASHR”dan sovg‘alar...
“AKADEMNASHR” nashriyoti 2021 yilda bir qator yaxshi kitoblarni nashr etishga muvaffaq bo‘ldi. Temirpo‘lat Tillayevning “O‘lim o‘pqoni”, Murod Chovushning “Hech” kitoblari shular jumlasidandir.
Har ikki kitobga yozuvchi Nazar Eshonqul so‘zboshi yozgan.
“O‘lim o‘pqoni”dan Temirpo‘lat Tillayevning “Voris” va “O‘lim o‘pqoni” qissalari joy olgan. Murod Chovushning “Hech”idan farqli ravishda adibning bu asarlari vaqt va davr chig‘irig‘idan allaqachon o‘tib bo‘lgan. O‘tgan asrning 80-yillari e’lon bo‘lgan bu asarlar o‘z davrida ancha shov-shuv bo‘lgan, adibga shuhrat keltirgan va shuning ortidan o‘ttiz yoshlarda bo‘lgan yozuvchi sobiq Ittifoq yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan edi. Nazar Eshonqul adib va uning asarlari haqida fikr bildirib: ”Bunday adiblar asarlari soni bilan emas, balki adabiyotga olib kirgan ovozi, qarashlari, hatto aytish mumkinki, jumlalariyu o‘xshatishlari bilan adabiyotga daxldor bo‘lib qolaveradi, vaqt bu xil iste’dodlarni chetga chiqarib tashlolmaydi...” deb yozadi.

Yozuvchi Murod Chovushning “Hech” kitobidan ham ikki qissa o‘rin olgan. Murodning “Hech” va “Qora dengiz” qissalari bir qarashda bir-birini to‘ldirib turgandek taassurot qoldiradi. An’anaviy qissalarga o‘xshamagan bu asarlar haqida Nazar Eshonqul shunday yozadi: “Murod Chovushning “Hech”i o‘zining ifoda usulidan tortib tilga, voqelikka, insonga, makonga, zamonga, mavjud tafakkur va tasavvur qoliplariga bo‘lgan munosabatiga ko‘ra zamonaviy adabiyotimizda dunyo badiiy mushohadasi silsilalari, xususan, Prust, V.Vulf, Bekket, Ionesko, M.Puig, Murakami bilan bo‘ylashmoqchi bo‘lgan o‘ziga xos tajribalardan biridir...”
Yana bir gap. Murod Chovushning “Hech” kitobi qisqa muddatda uchinchi marta qayta nashr bo‘layotgani ham adib asarlariga bo‘lgan qiziqishning ortayotganidan dalolatdir.
“O‘lim o‘pqoni” va “Hech”ni o‘qing.
Alisher Narzullo, O‘zA