Ajdodlar xotirasiga hurmat ifodasi
Muborak Qurbon hayiti oldidan Samarqand viloyatidagi muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlar, masjidlar hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashabbusi bilan 23-24-may kunlari o‘tkazilgan xayriya hashari davomida viloyatdagi 1500 dan ortiq qabristonda 1700 gektar hudud tozalanib, tartibga keltirildi

– Xalqimiz azaldan ajdodlarimiz mangu orom topgan maskanlar, qabristonlarni toza-ozoda saqlash, obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratib kelgan, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. – Bu an’ana, ayniqsa, hayit bayramlari arafasida yanayam yaqqol namoyon bo‘ladi. Qurbon hayiti oldidan ham viloyatimiz mahallalarida aholi tomonidan hasharlar uyushtirilib, qabristonlar tartibga keltirildi, obod qilindi. E’tiborlisi, bayram arafasida, 21-may kuni Vazirlar Mahkamasining “Qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, Respublikamizdagi 10 mingdan ziyod qabristonni obodonlashtirish maqsadida 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi. Buning uchun 1,6 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilandi. Shuningdek, xayr-ehson qilish orqali kelib tushadigan mablag‘larni qabristonni saqlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq xarajatlarga yo‘naltirish maqsadida har bir qabriston uchun alohida shaxsiy hisobvaraq ochiladigan bo‘ldi. Bu ishlar, albatta, ajdodlarimiz xotirasiga hurmatning yana bir yorqin namunasi, deyish mumkin.
Samarqand tumanidagi qariyb 12 gektar maydonni egallagan qabristonda Konigil va Jo‘yisoy mahallalari aholisi tomonidan hashar uyushtirilib, hudud tartibga keltirilmoqda.



– Bir vaqtlar tarixi 400 yildan oshayotgan mazkur qabriston oldidan o‘tishga odamlar qo‘rqar edi, - deydi mahalla oqsoqoli Qobil Xudoyberdiyev. - Chunki qabriston butunlay e’tibordan qolgan bo‘lib, atrofi devor bilan o‘ralmagan, odam bo‘yi qamish o‘sib, qarovsizlikdan ko‘plab qabrlar cho‘kib, yurishning imkoni yo‘q edi. O‘tgan asrning 60-yillarida kolxoz mablag‘lari hisobidan qabriston atrofi paxsa devor bilan o‘ralib, bir nechta qo‘shimcha binolar va ayvon qurilgan edi. Shu bilan qator yillar o‘zgarish qilinmay qolib ketdi. Ayni chog‘da esa mahallalarimiz aholisining tashabbusi bilan hashar asosida qabriston hududida marosimlarni o‘tkazish uchun ayvon va qo‘shimcha binolar, 4 ta kirish darvozasi o‘rnatildi. Yo‘laklar tashkil etilib, 80 ta o‘rindiq o‘rnatildi. Hududda 1000 tupga yaqin daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri