"Aholining tibbiy xizmatga öz vaqtida murojaat qilişi yaxşilandi" – Şavkat Karimov
Akademik fikri
Bugun mamlakatimizda amalga oşirilayotgan islohotlar zamirida inson qadrini uluğlaş va aholi farovonligini taʼminlaşdek ezgu maqsadlar mujassam. Bu, avvalo, xalq salomatligini muhofaza qiliş, tibbiy xizmat sifatini yuksaltiriş hamda zamonaviy tibbiy yordam körsatiş imkoniyatlarini kengaytirişda namoyon bölmoqda. Zero, soğlom insongina oilasi, mahallasi va Vatani ravnaqi yölida faol xizmat qila oladi.
Şu maqsadda keyingi ön yilda yurtimizda 10 million nafar aholiga xizmat körsatiş quvvatiga ega yangi poliklinika va şifoxonalar barpo etilib, 58 mingta şifo örni yaratildi. Zamonaviy tibbiyot muassasalari tarmoği kengaygani va xususiy sektor rivojlangani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi uç barobarga oşdi. Ilgari faqat xorijda bajarilgan tuğma yurak nuqsonlarini davolaş, aʼzolar transplantatsiyasi, robotlaştirilgan jarrohlik va boş miyadagi murakkab amaliyotlar kabi yuzdan ziyod tibbiy xizmat turlari bugun yurtimizda muvaffaqiyatli yölga qöyildi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bağişlangan tantanali marosimdagi nutqida milliy taraqqiyot dasturining ikkinçi yönalişi sifatida xalq salomatligini mustahkamlaş va umr köriş davomiyligini oşiriş masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Bu esa soğliqni saqlaş tizimini rivojlantiriş, tibbiy xizmatlar qamrovi va sifatini yuksaltiriş davlat siyosatida ustuvor örin tutayotganidan dalolat beradi. Eng muhimi, tizimdagi bunday özgarişlar aholining şifoxonalar va tibbiyot xodimlariga bölgan işonçini yanada mustahkamlamoqda.
Uluğ hakim Abu Ali ibn Sino tarbiya erta bolalik davridan boşlanişi zarurligini uqtirgan. Bu hikmatni inson salomatligiga ham töliq tatbiq etiş mumkin: soğlom turmuş tarzi va öz soğliğiga masʼuliyat bilan yondaşiş könikmasini bolalikdan şakllantiriş, kelajakda köplab xastaliklarning oldini olişga mustahkam zamin yaratadi.
– Soğliqni saqlaş sohasida bugun asosiy eʼtibor xastaliklarga imkoni boriça erta taşxis qöyişga qaratilmoqda, – deydi Respublika ixtisoslaştirilgan xirurgik angionevrologiya markazi direktori, Özbekiston Respublikasida xizmat körsatgan soğliqni saqlaş xodimi Şavkat Karimov. – Sönggi yillarda bu borada sezilarli ijobiy özgarişlar kuzatilyapti. Endilikda har bir viloyatda markazimiz filiallari faoliyat yuritmoqda. Ularda özimizda tajriba orttirgan malakali mutaxassislar iş olib boryapti. Quvonarlisi, keyingi paytda aholining şifokorlarga öz vaqtida murojaat qiliş madaniyati yuksaldi. Bu esa kasalliklarni erta aniqlaş va ularning oğir asoratlarini kamaytirişda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Albatta, sohada hali hal qilinişi lozim bölgan masalalar ham yöq emas. Eng dolzarb vazifalardan biri, aholi örtasida soğlom turmuş tarzini keng qaror toptirişdir. Buning ikki asosiy omili bor, muntazam jismoniy faollik va töğri ovqatlaniş madaniyati. Ayni şu yönalişlarda tarğibot va profilaktika işlarini yanada kuçaytirişimiz zarur.
Markazimiz faoliyatidagi ustuvor vazifalardan biri, boş miyada qon aylanişi buzilişlarini erta aniqlaş va öz vaqtida davolaş orqali insultning oldini olişdan iborat. Çunki bu xastalik oğir asoratlarga olib kelişi, insonning hayot sifati va mehnat qobiliyatini keskin pasaytirişi mumkin. Qolaversa, insultdan keyingi reabilitatsiya jarayoni ham ança murakkab keçadi. Şu bois nafaqat poytaxtda, balki respublikamizning barça hududlarida mazkur yönalişdagi tibbiy xizmatlar samaradorligini oşiriş ustida işlayapmiz.
Mamlakatimizda soğliqni saqlaş tizimining bugungi imkoniyatlarini ön yil avvalgi şaroitlar bilan aslo taqqoslab bölmaydi. Hozir tibbiyot muassasalari eng zamonaviy diagnostika va davolaş uskunalari bilan taʼminlanmoqda. Hududlarga xizmat safari bilan borganimizda, mahalla tibbiyot punktlari va poliklinikalarda aholini qabul qilib, ularning muammolarini joyida örganişga harakat qilamiz. Asosiy maqsadimiz, jahon tibbiyotida qöllanilayotgan ilğor usullarni yurtimizda ham keng joriy etişdan iborat.
– Xususan, qon-tomir kasalliklarini davolaşda turli jarrohlik amaliyotlari, stentlaş usullari hamda yurak-qon tomir tizimi bilan bir qatorda, uyqu arteriyalaridagi qon aylanişi buzilişlarini bartaraf etişga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Bu borada xalqaro tajriba almaşişning ahamiyati beqiyos. Markazimiz xodimlari xorijiy mamlakatlarda ötkazilayotgan ilmiy-amaliy konferensiyalarda muntazam iştirok etib, zamonaviy tibbiy yondaşuvlarni örganmoqda va ularni amaliyotga tatbiq etyapti. Kelgusida bunday hamkorlik kölamini yanada kengaytiriş, mutaxassislarimizning malakasi va ilmiy salohiyatini yuksaltirişni maqsad qilganmiz.
Oçiq aytiş kerak, ayrim yurtdoşlarimiz hanuz öz soğliğiga beparvo qaraydi. “Ana, klinikalar bor, şifokorlar bor, davolab oladi”, deb öylaydi. Bu, öziga, öz hayotiga bölgan mutlaqo notöğri munosabatdir. Har bir inson, avvalo, öziga özi şifokor bölişi lozim. Yoşlik bir pastda ötib ketadi, “60-70 yoşga çiqqanimda soğliğim qanday böladi?” deb bugundan fikr yuritiş kerak. Biz joylarda ötkazayotgan seminar va uçraşuvlarimizda, mahallalarda yoşlar-u nuroniylar bilan suhbatlarda aynan şu haqida kuyunib gapiryapmiz. Inson yoşligidanoq öz salomatligini qadrlaşni va asraşni örganişi zarur.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOYEV, (video)
ÖzA