Aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun davlat nazorati kuchaytiriladi
Senat yalpi majlisida “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Bu borada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotir.
Amaldagi qonunchilikda tadbirkorlik sub’ektlarining oziq-ovqat mahsulotlarini doimiy ravishda xavfsiz holda ishlab chiqarish, saqlash va muomalaga kiritish borasidagi majburiyatlari hamda mas’uliyatini aniq belgilovchi normalarni yanada takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan.
Qonun bilan aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sohada davlat nazorati samaradorligini oshirish va mahsulot xavfsizligining yagona tamoyillari xalqaro talablar asosida belgilanmoqda.

Davlat organining vakolatlari, vazifa va majburiyatlari aniqlashtirilib, zarur gigiyena, ishlab chiqarish, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi amaliyoti kabi huquqiy tushunchalar qo‘shimcha qilinmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishning asoslari, tartibi va shakllari xalqaro bitim talablari bilan uyg‘unlashtirilmoqda.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasining kelib chiqishi hayvonotga mansub bo‘lgan va xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarga nisbatan qo‘yiladigan talablari vakolatli organning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun aholining xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan huquqini ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligi kuchaytiriladi. Oziq-ovqat sanoatining investitsiyaviy jozibadorligi hamda mamlakatning eksport salohiyatini yanada oshirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA