Aholi osoyishtaligini ta’minlash mas’ul xodimlardan qat’iy intizom va mas’uliyat talab etadi
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida videoselektor shaklida tahliliy-tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
IIBB boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev boshqargan yig‘ilishda boshliq o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, poytaxtdagi barcha tuman ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatni muvoifqlashtirish bo‘linmasi (FMB) rahbariyati hamda Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari ishtirok etdi.
Unda ichki ishlar organlari faoliyatining muhim yo‘nalishlari, jumladan, ekspert-kriminalistika xizmatining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni ushlash hamda xizmat faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ekspert-kriminalistika markazi faoliyati, uning mavjud imkoniyatlari va tuman bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlilida jinoyatlarni tezkor va sifatli fosh etishda ekspert-kriminalistika xizmatining o‘rni beqiyosligi qayd etildi. Hodisa joyidan olingan dalillarni puxta o‘rganish, ularga ilmiy asoslangan xulosa berish hamda zamonaviy kriminalistik usullardan samarali foydalanish jinoyatlarni ochishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois har bir ekspert o‘z ustida muntazam ishlashi, nazariy bilimlarini boyitib, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirib borishi shartligi alohida ta’kidlandi.
Yangi turdagi ekspertizalarni o‘tkazish huquqini beruvchi ruxsatnomalarni olish, kasbiy malakasini oshirish va zamonaviy ilmiy-texnik imkoniyatlarni o‘zlashtirish orqali xizmat samaradorligini yuksaltirish zarurligi qayd etildi.
Soha xodimlaridan har bir ekspertizaga yuksak mas’uliyat bilan yondashish, xulosalarning xolisligi va ilmiy asoslanganligini ta’minlash, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish talab etildi. O‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, samarali natijalarga erishayotgan xodimlar Bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan alohida e’tirof qilindi.

Poytaxt tumanlarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar ham tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi.
Hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik ishlarning ta’sirchanligini oshirish hamda xizmat vazifalarini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ob’ektlar va xonadonlarni qo‘riqlovga olish ishlarining holati, bu borada belgilangan vazifalarning ijrosi hamda tungi xizmat faoliyati uchun mas’ul rahbar o‘rinbosarlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish, xizmat ustidan nazoratni kuchaytirish, har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish davomida Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar bilan bir qatorda, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ham atroflicha muhokama qilindi. Xususan, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ushlash, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish hamda probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan olib borilayotgan ishlarning samaradorligi tahlil etildi. Ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish va har bir natija uchun mas’uliyatni his qilish zarurligi ta’kidlandi.
Tahlil jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga nisbatan tanqidiy yondashilib, ularni keltirib chiqargan sabablarni aniqlash va bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga e’tibor qaratildi.
Tumanida o‘z vazifalariga loqaydlik bilan qaragan va xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgan 6 nafar xodimga intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi.

Xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, faoliyatida munosib natijalarga erishgan 11 nafar xodim esa Bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan taqdirlandi. Bu kabi e’tiroflar xodimlarning kasbiy mas’uliyatini oshirish, xizmatga bo‘lgan sadoqatini mustahkamlash va jamoada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish va aholi osoyishtaligini ta’minlash har bir xodimdan yuksak kasbiy mahorat, qat’iy intizom va shaxsiy mas’uliyatni talab etadi. Har bir rahbarning talabchanligi, har bir xodimning halol va fidokorona xizmati esa poytaxtda xavfsiz muhitni ta’minlashning muhim garovidir.
N.Abduraimova, O‘zA