Aholi muammolariga amaliy yechim: Xalq bankida murojaatlar bilan ishlash holati
Joriy yilda Xalq banki tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ko‘tarilgan masalalarga amaliy yechim topish va aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash borasida olib borilgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash – aholi muammolari, taklif va ehtiyojlarini o‘rganishning muhim vositasi va bank faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda o‘tkazilgan brifingda hisobot davrida Xalq bankiga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning yanvar-iyul oylarida Xalq bankiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 11 ming 32 ta murojaat kelib tushgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 8 ming 205 tasi (74 foizi) ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 2 ming 27 ta murojaat yuzasidan fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berilgan.
Murojaatlarni qabul qilish manbalariga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa:
8 ming 859 tasi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali qabul qilingan (ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 461 taga yoki 5 foizga kamaygan);
1 ming 551 tasi – yuqori turuvchi idora va tashkilotlardan;
622 tasi – bevosita bankka kelib tushgan.
Kelib tushgan murojaatlarning sohalar bo‘yicha taqsimotida asosiy qismni kredit masalalari tashkil etdi. Jumladan, jami murojaatlarning 56 foizi – 6 ming 238 tasi kreditlar bilan bog‘liq. Shunga qaramay, ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha 1 ming 882 ta, bank kartalari yuzasidan 1 ming 48 ta murojaat, shuningdek, bank kassalari, bankomatlar va to‘lovlar bo‘yicha ham murojaatlar qayd etilgan.
Aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish maqsadida Xalq banki rahbariyati tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida 24 marotaba sayyor qabullar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 425 nafar fuqaro va tadbirkor ishtirok etdi. Sayyor qabullarda ko‘tarilgan 157 ta masalaning 132 tasi (84 foizi) joyida ijobiy hal etildi, qolgan 25 ta masala yuzasidan esa atroflicha tushuntirishlar berildi.
Brifing yakunida ta’kidlanganidek, erishilgan bu kabi natijalar Xalq bankida fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, muammolarni joyida hal etish hamda aholi bilan ochiq va shaffof muloqotni yanada mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilayotganidan dalolat beradi.
Xalq banki Axborot xizmati