Aholi manfaatiga daxldor masalalar o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Aktam Hayitov boshchiligidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi muammolarini o‘rganish, islohotlarning joylardagi ijrosini tahlil qilish hamda mavjud masalalarni hal etish maqsadida Shumanay tumanida bo‘ldi.
Deputatlar dastlab Shumanay tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar holati bilan tanishdi. Poliklinikaning moddiy-texnik bazasi, tibbiyot xodimlarining ish bilan ta’minlanganligi, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanganlik darajasi hamda ambulator-poliklinika xizmatlarining sifati o‘rganildi. Aholi bilan suhbatlar davomida yaratilgan sharoitlar va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari haqida fikrlar eshitildi.
Shu bilan birga, tuman tibbiyot birlashmasida tor soha mutaxassislarining yetishmasligi masalasi ham o‘rganildi. Mutaxassislar tanqisligi ayrim bemorlarni qo‘shimcha tekshiruv va davolanish uchun Nukus shahridagi tibbiyot muassasalariga murojaat qilishga majbur etayotgani qayd etildi. Buning aholi uchun qo‘shimcha vaqt va transport xarajatlarini keltirib chiqarayotganini inobatga olib, tuman tibbiyot birlashmasi uchun tor soha shifokorlarini tayyorlashga maqsadli davlat granti asosida rezidentura kvotalarini ajratish masalasini tegishli tashkilotlar bilan ko‘rib chiqish belgilandi.
[gallery-31584]
Hududda aholi bandligi va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari ham deputatlar e’tiborida bo‘ldi. Tumandagi J.Mambetkarimov rahbarlik qilayotgan “Hases Shumanay” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan issiqxona faoliyati bilan tanishildi. Issiqxonada yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish, sug‘orish tizimi va ish bilan ta’minlangan aholi holati o‘rganildi.
Birleshik mahallasida esa yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Mahalla fuqarosi Aynura Jumabayeva Prezidentning yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarorlari asosida 100 million so‘m kredit olib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Uchrashuv davomida tadbirkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilib, tegishli grant loyihalarida ishtirok etish uchun amaliy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan infratuzilma masalalari ham joyida o‘rganildi. Xususan, Qoraboyli mahallasida ichki yo‘llarning texnik holati, asfalt-beton qoplamalarining holati, yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi va ko‘cha yoritish tarmoqlari tahlil qilindi. Ayniqsa, eskirgan va nosoz yo‘llarni ta’mirlash, yangi yo‘llar qurish hamda aholi va transport harakati uchun qulay sharoit yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
Mahalladagi mavjud muammolardan kelib chiqib, 21-sonli maktab o‘quvchilarining kuz-qish mavsumida yo‘llarning nosozligi tufayli ta’lim muassasasiga borib-kelishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi bilan murojaat qilish belgilandi. Shuningdek, Mamiy mahallasi 23-sonli maktab o‘quvchilari uchun ham yo‘l sharoitini yaxshilash masalasi nazarda tutildi.
O‘rganish natijasida Mamiy mahallasidagi 6-sonli suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya qilish hamda “Shorjap” va “Diydor” ovullarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli tashkilotlarga amaliy taklif va tavsiyalar berish belgilandi.
Shuningdek, Aqjap mahallasida ijtimoiy ob’ektlar holati ko‘zdan kechirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026–2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mahallada barpo etilgan 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotining qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangani, biroq ob’ekt hali foydalanishga topshirilmagani aniqlandi. Ob’ektni belgilangan muddatda, sifatli tarzda foydalanishga topshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
Shumanay tumandagi o‘rganishlar aholi bilan bevosita muloqotlar bilan davom etdi. “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilgan sayyor qabulda jami 274 nafar fuqaro, 21 nafar tadbirkor va fermer, deputatlar hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Qabul davomida aholi tomonidan uy-joy, kommunal xizmatlar, ijtimoiy yordam, ishga joylashish, ta’lim, tibbiyot, yo‘l qurilishi, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va elektr ta’minoti kabi yo‘nalishlarda murojaatlar bildirildi. Ko‘rib chiqilgan murojaatlar natijasida jami 57 ta muammo aniqlanib, ularning 38 tasi joyida ijobiy hal etildi. Yana 19 ta holat bo‘yicha fuqarolarga huquqiy maslahat va zarur tushuntirish berildi. Shuningdek, 41 nafar fuqaroga jami 103 million 400 ming so‘m miqdorida turli ko‘rinishdagi amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shumanay tumanida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida har bir masalaga joyiga chiqqan holda baho berish, aholi fikrini eshitish va aniqlangan muammolarni mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda hal etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu kabi o‘rganishlar deputatlik nazoratini kuchaytirish, hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligini tahlil qilish va aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarning yechimiga amaliy ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari