Afg‘onistonliklar Termizda Navoiyni yod etdi
Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida buyuk shoir, faylasuf va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag‘ishlangan adabiy–badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Ta’lim markazining professor-o‘qituvchilari, afg‘onistonlik tinglovchilar, mahalliy ijodkorlar ishtirok etgan tadbirda Yozuvchilar uyushmasining Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari Mengnor Ollamurodov va boshqalar buyuk ajdodimizning hayoti, ijodi, serqirra faoliyati bilan bog‘liq ibratli fazilatlarga atroflicha to‘xtaldi. Alisher Navoiydan meros qolgan o‘lmas asarlar sayyoramiz xalqlarining noyob ma’naviy boyligiga aylangani xususida so‘z yuritdi.

– Mir Alisher Navoiy bobomiz yoshlik davrida bizning yurtimizga kelib, ilm o‘rgangan, – deydi Mengnor Ollomurodov. – Mening nazarimda o‘sha davrlar yana qaytib, endilikda afg‘on yoshlari, ya’ni sizlar O‘zbekistonda Navoiyni chuqur o‘rganyapsiz. O‘zingiz tanlagan kasblarning sir-asrorlarini mukammal egallayapsiz. Biz dunyoga ana shunday saxovatpesha insonlarni, buyuk allomalarni yetkazib bergan ulug‘ xalq ajdodlari ekanimizdan hamisha faxr-iftixor hissini tuyib yashaymiz. Yosh avlodni ham shunga munosib bo‘lishga, Navoiy merosidan bahra olib yashashga undaymiz. Zero, besh asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Alisher Navoiy asarlarining tarbiyaviy ahamiyati, dolzarbligi va qadr-qimmati oshib bormoqda.

Adabiy-badiiy kechada shoirlar, ta’lim markazining o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari, afg‘onistonlik tinglovchilar so‘zga chiqib, ulug‘ shoirning “Xamsa“, “Lison ut-tayr“, “Xazoyinul-maoniy“, “Badoe’ ul-bidoya“, “Devoni Foniy“ singari asarlarining, nodir g‘azal va ruboiylarining bugungi yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati haqida fikr almashdi. Shoir ijodidan namunalarni ifodali o‘qib, g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlarni kuyladi. Turli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shoir asarlari ko‘rgazmasi, afg‘onistonlik yoshlar chizgan Navoiy portretlari, ular yaratgan Navoiy byusti barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Adabiy-badiiy kechada faol qatnashgan bir guruh ishtirokchilarga ta’lim markazining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri