Afg‘oniston va Pokiston chegarasida harbiy keskinlik yana kuchaydi
Afg‘oniston kuchlari Pokiston hududidagi qurolli guruhlar yashiringan qo‘nalg‘alarga havodan zarba berdi. Bu hujum o‘zaro keskinlikni yana avj oldirishi mumkin.
Afg‘oniston Mudofaa vazirligi tasdiqlagan bu amaliyot ikki qo‘shni davlat o‘rtasida so‘nggi yillarda kuzatilgan eng og‘ir qurolli to‘qnashuvlardan bir necha oy o‘tib sodir bo‘ldi va mintaqadagi vaziyatni qaytadan keskinlashtirdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, payshanba kuni tunda Afg‘oniston bilan chegaradosh Balujiston va Xayber-Paxtunxva viloyatlaridagi jangarilar manzillari nishonga olingan. Kobul ma’muriyati ushbu yirik harbiy harakat jarayonida aynan qanday texnika vositalari yoki qurollardan foydalanilganiga aniqlik kiritmadi.
Mutaxassislar qayd etishicha, zamonaviy qiruvchi samolyotlarga ega bo‘lmasa-da, Afg‘oniston ixtiyorida ma’lum miqdorda harbiy uchoq, vertolyot va jangovar dronlar bor. Hukumat ushbu qo‘nalg‘alardan Afg‘onistonga qarshi qonli hujum rejalashtirishda foydalanilishi, jangarilar xorijiy razvedka idoralari bilan aloqadorligini da’vo qilmoqda.
Dastlabki bayonotga ko‘ra, ko‘zlangan nishonlar yo‘q qilingan, ammo talafot haqida aniq ma’lumot yo‘q. Pokiston harbiy rahbariyati esa ushbu voqea yuzasidan hozircha rasmiy bayonot bermadi.
Umuman, bu ikki davlat chegarasidagi to‘qnashuvlar oqibatida joriy yilning o‘zida yuzlab inson hayotdan ko‘z yumdi. Hatto, Xitoyning vositachilik orqali muammoni hal etishga urinishi ham hozircha aytarli natija bermadi. Islomobod Kobulni Pokistonda terror uyushtirayotgan guruhlarni himoya qilishda ayblasa, Afg‘oniston bu gaplarni inkor etib, “Ekstremizm Pokistonning ichki muammosi” deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Pokiston harbiylari ham Afg‘oniston hududiga havodan zarba bergani, oqibatda oddiy aholi vakillari, jumladan bolalar halok bo‘lgani haqida xabar tarqalgan edi. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi mamlakat xavfsizligiga nisbatan har qanday tahdidni o‘z manbasidayoq yo‘q qilish uchun bor imkoniyat ishga solinishini qat’iy ta’kidlagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA