“Adolat” SDP: “Poytaxtga avtoturargohlar kerak, ammo yashil hududlar evaziga emas!”
Ijtimoiy tarmoqlar va ochiq manbalarda Toshkent shahri markazida, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortida joylashgan qariyb 1,3 gektar hududda davlat-xususiy sheriklik asosida avtoturargoh tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. “Poytaxt infratuzilmasini rivojlantirish mavjud yashil va jamoat hududlarini qisqartirish hisobiga amalga oshirilmasligi kerak!” “Adolat” SDP ushbu masalaga ana shunday munosabat bildirmoqda. Bu haqda partiya Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Partiya munosabatida keltirilishicha, loyihaning aniq chegaralari, yer uchastkasining huquqiy maqomi, avtoturargoh uchun ajratiladigan maydon hamda mavjud yashil hududning qancha qismi saqlab qolinishi haqidagi to‘liq va tasdiqlangan ma’lumotlar jamoatchilikka ochiq taqdim etilmagan.
“Agar tarqalayotgan ma’lumotlar tasdiqlansa va mavjud yashil hududning bir qismi avtoturargoh uchun ajratilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, bu jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.
Partiya masalaga oldindan salbiy munosabatda bo‘lish tarafdori emas. Biroq, pozitsiyamiz aniq: mavjud yashil hududni avval qisqartirib, keyin uni “obodonlashtirish” deb taqdim etishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Qonunchilikka muvofiq istirohat bog‘lari, xiyobonlar va sayilgohlarni, shuningdek, ulardagi daraxtlarni muhofaza qilish bo‘yicha huquqiy kafolatlar kuchaytirilgan. Qonunda davlat mulki bo‘lgan va aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish hamda dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni muhofaza qilishga qaratilgan qator cheklovlar belgilangan.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida ham istirohat bog‘lari, sayilgohlar va ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlarni saqlab qolish, ularning hududlarini sotish, xususiylashtirish yoki begonalashtirishga yo‘l qo‘ymaslik pozitsiyasi belgilangan. Shu bois, partiya uchun masalaning prinsipial jihati bitta: shahar infratuzilmasini rivojlantirish mavjud yashil va jamoat hududlarini qisqartirish hisobiga amalga oshirilmasligi kerak.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish zarur. Ammo bu kabi choralar mavjud xiyobonlar va aholi foydalanayotgan yashil hududlar manfaati bilan to‘qnash kelganda, jamoat manfaati, ekologik barqarorlik va qonun talablari ustuvor bo‘lishi lozim.
Shu munosabat bilan “Adolat” SDP tegishli vakolatli organlar mazkur masala bo‘yicha jamoatchilikka aniq va to‘liq ma’lumot berishi muhim, deb hisoblaydi. Xususan, 1,3 gektar yer uchastkasining huquqiy maqomi, loyihaning aniq sxemasi, avtoturargoh uchun ajratilishi rejalashtirilayotgan maydon, mavjud va loyihadan keyin saqlanadigan yashil hudud hajmi hamda daraxtlar holati ochiq ko‘rsatilishi zarur.
Agar tarqalayotgan ma’lumotlarda noaniqlik mavjud bo‘lsa yoki loyiha amalda yashil hududni qisqartirishni umuman nazarda tutmasa, bu ham rasmiy ma’lumotlar va loyiha hujjatlari bilan jamoatchilikka ochiq tushuntirilishi maqsadga muvofiq. Poytaxtga avtoturargohlar kerak, ammo yashil hududlar evaziga emas”, deyiladi “Adolat” SDPning rasmiy munosabatida.
Muhtarama Komilova,
O‘zA