Adliya vazirligi: birinchi yarim yillik natijalari muhokama qilindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yilning I yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda ta’kidlanganidek, vazirlikning asosiy vazifalaridan biri yagona davlat huquqiy siyosatini yuritish, norma ijodkorligi ishlarini muvofiqlashtirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini izchil ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.

Xususan, jismoniy va yuridik shaxslardan vazirlik, shahar va tuman adliya bo‘limlariga jami 2 ming 640 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 ming 721 ta murojaat qanoatlantirilib, fuqarolarning huquqi tiklandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali 308 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 182 tasi ijobiy hal etilgan. Sudlarga 481 ta da’vo ariza kiritilib, fuqarolarning huquqlari tiklanishiga erishildi.
Murojaatlarning aksariyati mehnat, uy-joy, ijtimoiy himoya, davlat xizmatlari ko‘rsatish va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish sohalari bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, "ijro.gov.uz" tizimi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hududlardagi davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushgan topshiriqlar ijrosi har oyda tahlildan o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga kiritilmoqda.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari va ularni bartaraf etish sohasida vazirlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida qonunchilikning to‘g‘ri tartibga solinishi ustidan doimiy monitoring olib borilmoqda. Buning natijasida, I yarim yillik davomida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 11 ming 477 ta holatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Ushbu aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 549 ta taqdimnoma, 35 ta ogohnoma kiritildi. 450 ta davlat organi va tashkilotida o‘rganishlar o‘tkazilib, mansabdor va mas’ul xodimlardan 376 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Kiritilgan taqdimnomalarga asosan fuqarolarning 669 million so‘m mablag‘i qaytarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari ijrosini nazorat qilish sohasida I yarim yilligi davomida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 57 ta holatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Qonunbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha 3 ta taqdimnoma, 2 ta ogohnoma kiritildi. Davlat organlari va tashkilotlarida 233 ta monitoring o‘tkazildi. Mansabdor va mas’ul xodimlardan 2 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
Yuridik xizmat ko‘rsatish sohasida hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 67 ta xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius, 229 ta advokatlik tuzilmasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. 2026-yilning birinchi yarmida jami 21 nafar advokat o‘z faoliyatini boshladi.
Shahar va tuman adliya bo‘limlari tarkibida 17 ta Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etildi. Bugungi kunda markazlar tomonidan 20 ta davlat idorasiga, 726 ta davlat umumta’lim maktabiga, 436 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga hamda 97 ta ko‘p tarmoqli markazlashgan va oilaviy poliklinikaga yuridik xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Shu davr mobaynida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun 344 ming 375 ta hujjat loyihasi kelib tushgan bo‘lib, shundan 340 ming 206 ta hujjatga qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan bo‘lsa, 619 ta hujjatga qonunchilik hujjatlariga muvofiq emasligi uchun salbiy xulosa berildi. 3 ming 550 ta hujjatda xato va kamchilik mavjudligi sababli, qonunchilikda belgilangan tartibda qaytarildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida jami 637 ta nodavlat notijorat tashkiloti, shuningdek, 67 ta diniy tashkilot hamda 16 ta hakamlik sudi o‘z faoliyatini ko‘rsatib kelmoqda. Nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlarini ko‘rsatish e-ngo.uz sayti orqali to‘liq amalga oshirilmoqda.
Davlat xizmatlari markazlari va FHDYO organlari faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida hududda 17 ta davlat xizmatlari markazi hamda ularning olis hududlarda joylashgan 8 ta filiali tomonidan aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Davlat xizmatlari markazlari 17 ta tuman va Nukus shahrida yangi qurilgan zamonaviy va barcha qulay sharoitlarga ega bino bilan ta’minlandi.
Har bir qilingan ish ortida inson va jamiyat manfaati turganini chuqur anglagan holda, kelgusida faoliyat yanada mas’uliyat bilan davom ettirilib, jamiyatda qonuniylikni yanada mustahkamlashga hamda inson huquqlari samarali himoya qilinishini ta’minlashning barcha choralari ko‘rilishiga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri