“Adani Group” O‘zbekistondagi gidroenergetika loyihalariga qiziqish bildirdi
Hindistonning Ahmadobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya va “Adani Group” korporatsiyasi mutasaddilari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda gidroenergetika sohasida hamkorlik istiqbollari, jumladan, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi energetika ob’ektlarini barpo etish va o‘zaro manfaatli investitsion loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
“Adani Group” asoschisi Gautam Adani O‘zbekistonda yangi GESlar va gidroto‘plash elektr stansiyalarini barpo etishga qaratilgan istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritishga korporatsiya katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.

Delegatsiya tarkibida ishtirok etgan “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Azimjon Ahmadjonovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida investitsiyaviy imkoniyatlar kengayib, xorijiy investorlar bilan hamkorlik yanada rivojlanmoqda.
– Gidroenergetika sohasini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik har jihatdan amaliy ahamiyatga ega. Shu ma’noda, “Adani Group” korporatsiyasi bilan o‘tkazilgan muloqot sohaga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, – dedi A. Ahmadjonov.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tomonlar mustahkam loyihaviy hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish, istiqbolli investitsion tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish va ularni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA